O‘zbekistonga tashrif buyurgan Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev boshchiligidagi Rossiya delegatsiyasi 21-sentabr kuni Samarqand shahrida bo‘ldi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Mehmonlar dastlab O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabri joylashgan Hazrati Xizr majmuasini ziyorat qildi va uning qabriga gul qo‘yib, hurmat bajo keltirdi.
Majmua bilan tanishuv chog‘ida delegatsiya a’zolariga ushbu obyektning bunyod etilishi haqida so‘zlab berildi.
Patrushev Islom Karimov mustaqil O‘zbekiston davlatining asoschisi sifatida uning taraqqiyoti, xalqaro maydonda o‘z munosib o‘rnini topishi uchun juda katta ishlarni amalga oshirganini ta’kidladi. Nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik-osoyishtalikni saqlash, millatlararo totuvlikni ta’minlash yo‘lida qator tashabbuslarni ilgari surib, ularning amalga oshirilishiga beqiyos hissa qo‘shgani qayd etildi.
Shundan so‘ng mehmonlar Xo‘ja Doniyor maqbarasi, Registon ansamblini tomosha qildi. Ushbu majmualar bilan tanishuv chog‘ida mamlakatda tarixiy-madaniy obyektlarni asrab-avaylash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Delegatsiya a’zolari Samarqanddagi boshqa tarixiy-madaniy yodgorliklar, diqqatga sazovor joylar bilan tanishdi.
Izoh (0)