Yujeniya Merkuliali (talaba, Italiya) va Jordi Xurado Miro (telekommunikatsiyalar muhandisi, Ispaniya)
Ikkita “sayoq” sayyoh – barselonalik 30 yoshli sayohatchi-bloger va fotograf hamda italiyalik 23 yoshli talaba – Ruminiyadan boshlangan katta sayohatni deb ishdan bo‘shashdi. Marokash va Turkiyaga safardan so‘ng ular O‘zbekistonga kelishga qaror qildilar.
– Sayohatimiz ikki yildan beri davom etmoqda, lekin o‘shangacha ham biz tajribali bekpeker (mustaqil, odatda kam pul sarflab sayohat qiluvchilar, ular odatda ryukzak (backpack) osib yurganlari uchun “bekpeker” deb ataladi) sanalardik: men 55 ta mamlakatda, Yujeniya – 40 ta mamlakatda bo‘lgan. Markaziy Osiyo bo‘ylab uch oydan beri sayr qilamiz: BAAdan Dubay–Olmaota reysida uchib kelib, sayohatni Qozog‘istondan boshlagandik, undan Qirg‘izistonga va O‘zbekistonga o‘tdik.
O‘zbekistonga vizani bir haftada oldik, hech qanday qiyinchilik yuzaga kelmadi. 75 dollar to‘ladik, bu unchalik qimmat ham emas. O‘zbekistonga viza bekor qilinishi haqida yangilikni eshitib, shunday bo‘lishini kutgandik, bekor bo‘lib chiqdi.
Qirg‘iz-o‘zbek chegarasini kesib o‘tib, Farg‘ona vodiysiga kirdik. Nazorat-o‘tkazish punktlarida poraxo‘rlik avj olgani haqida aytishgandi. Lekin bojxonachilar muloyim va xushmuomala bo‘lishdi, pul so‘raganlari yo‘q. To‘g‘ri, ijikilab so‘rab-surishtirishlari bizni hayratga soldi. Qiziq qoida: mamlakatga olib kirganingdan ko‘ra ko‘proq valyuta olib chiqish mumkin emas ekan.
Bu yerda avtostop bilan sayohat qanchalik oson ekanligini ko‘rib, hayratga tushdik, ko‘pchilik odamlar bizni uylariga taklif qilishdi, mehmon qilmoqchi bo‘ldilar. Lekin o‘zimiz uchun tushunarsiz bir xususiyatni kuzatdik. Odatda, mamlakat aholisi qanchalik mehmondo‘st bo‘lsa, mashinada yetib olish shunchalik oson bo‘ladi. Lekin biz g‘arbga qarab yurar ekanmiz, odamlar o‘sha-o‘sha mehmondo‘st bo‘lishsa-da, haydovchilarni ko‘ndirish qiyinlashib boraverdi. Haydovchilar bizdan yo‘l haqi so‘rashar (“Dollar, dollar!”), tekinga qanday qilib olib ketish mumkinligini tushunishmasdi. Shunga qaramay, jon deb mehmon qilishardi va hatto yo‘lga ul-bul narsa xarid qilib berishni taklif qilashardi.
Farg‘onada meni sog‘liqni saqlash bepulligi hayratga soldi. Tishim og‘rib qoldi va o‘sha yerda yashovchi bir inson meni davlat poliklinikasiga olib borib, bu yerda bepul davolashlarini aytdi. Ishonmadim, ko‘rib bo‘lgandan keyin qo‘limga chek tutqazishsa kerak deb o‘yladim. Lekin haqiqatan tekin ekan: stomatolog tishimni tekshirdi va tavsiyalar berdi.
O‘zbekistonni biz bir oyda Farg‘ona vodiysi–Toshkent–Samarqand–Shahrisabz–Termiz–Samarqand–Buxoro–Xiva–Urganch–Toshkent yo‘nalishi bo‘ylab kezib chiqdik. Eng yoqqani Xiva bilan Termiz bo‘ldi. Xiva juda maftunkor, boshqa yerlardagi kabi odam gavjum emas – tinch, osuda. Tunda sayr qildik, yo‘lda birorta odam uchramasdi. Termiz – alohida ta’rifga loyiq, unda O‘zbekistonning qadimiy muhiti sezilib turadi, bu shahar qayta ta’mirlangan Samarqandga qaraganda asl ko‘rinishini ko‘proq saqlab qolgan. Men barcha sayyohlarga siyqasi chiqqan Buyuk ipak yo‘li marshrutidan chetlanib, kamroq shuhrat qozongan shaharlarni aylanishni tavsiya etgan bo‘lardim.
Xivada shu yerlik aholidan biri meni ukasining to‘yiga taklif qildi. “Wedding, wedding, my brother, wedding!”– takrorlardi u. Biroq, ziyofat aslo nikoh to‘yiga o‘xshamasdi. “Ukang qani?”– so‘radik biz. U yetti–sakkiz yoshli bolaga imo qildi. Keyin kimdir ishora bilan tushuntirdi: “kes-kes”. Bu xatna munosabati bilan uyushtirilgan to‘y ekan (o‘zbek tilida “to‘y” deb ham nikoh to‘yini ham bu marosimni atashlarini keyinroq bildik). Bunday musulmon an’analari borligini bilmasdik. Voqeani kameraga olishar, mehmonlarning dil so‘zlarini yozib olishardi. Menga ham mikrofon tutqazdilar. Biroz o‘ng‘aysizlandim – nikohda yosh kelin-kuyovga birgalikda uzoq va baxtli hayot kechirishni tilaydilar, bu vaziyatda nima tilash mumkin?
Bizni, bekaper-sayyohlar sifatida, har kuni mehmonxona/xostelda ro‘yxatdan o‘tish talabi ancha chekladi. Biz kapalarda yoki mahalliy aholi uylarida tunashga o‘rganganmiz, bu qiziqarli tajriba va kam budjetli sayohatning o‘ziga xosliklaridan biridir. Ro‘yxatdan o‘tish talabi harakatlanish masofasini ham cheklardi: aynan shu sababli biz Orol dengiziga bora olmadik – belgilangan muddatga yetib kela olmasdik.
O‘zbekistonda jamoat transporti tizimini takomillashtirish lozim: ko‘pchilik sayyohlar Xivaga atvobus qatnovi rivojlanmaganligi uchun bormaydilar. Bizga poyezd juda ma’qul keldi (tungi poyezdda Toshkentdan Samarqandga va Urganchdan Toshkentga bordik): chiptasi arzon, joylari qulay, yangi choyshab, sochiq berishadi.
Narxlar masalasida biroz xira taassurot qoldirdi: qorovulga ba’zida pora berish mumkin, masalan, ertalab soat beshda minoraga kiritishi uchun. Lekin unga ushbu binoni qo‘riqlashi uchun pul to‘laydilar-ku. Ba’zida esa, tarixiy binoga kiraverishda bir odam turadi va pul to‘lashni talab qiladi, keyin esa, kirish bepul ekanligi aniqlanadi. Bular bari ishonch darajasini tushiradi. Ichan Qal’adagi kabi kirish uchun yagona chipta hammaga ham to‘g‘ri kelavermaydi. Biz har bir joyga kirishga alohida pul to‘lashni ma’qul ko‘rgan bo‘lardik. Umuman olganda, narxlar juda past, ayniqsa oziq-ovqat arzon.
Joylashuv maskanlari ichida ko‘psonli oilaviy mehmonxonalar ma’qul keldi, u yerda yashar ekansan, o‘zingni oilaning bir a’zosidek his qilasan. Mehmonxonalarda narxlar Qirg‘izistondagiga qaraganda balandroq. Lekin xonalar yaxshi jihozlangan, nima uchun pul to‘layotganligingni bilasan. Qo‘shimchasiga, har doim mazali nonushta beriladi. Xostelda bir tun, Yevropadagi kabi, $8 turadi.
Sayohatlarda biz juda, juda kam pul sarflaymiz. Ikki kishiga bir sutkada o‘rtacha €4. Har narsada tejaymiz – avtostopdan foydalanamiz, xostellar bilan hamkorlik qilamiz (bepul joy bergani uchun blogimizda ular haqda yozamiz).
O‘zbekistonda biz nazoratning ko‘pligidan hayratlandik – metroda tekshirish, poyezdga o‘tirishdan oldin tekshirish. Lekin keyinroq tushunasan – sen xavfsizlikdasan, sen bilan hech narsa ro‘y bermaydi.
O‘zbekistondan keyin Tojikistonga yo‘l oldik, keyin Ostonaga qaytamiz va uyga uchamiz. Keyin biror muddat “odatiy” hayotga qaytamiz. Sayohat qilish bizga yoqadi, lekin u insonni ancha toliqtiradi.Mattias Rogtus, aerokosmik muhandis (Belgiya)
23 yoshli talaba O‘zbekiston bo‘ylab 2015 yilda Toshkent–Samarqand–Buxoro–Xiva yo‘nalishida sayohat qildi. 18 yoshidan buyon avtostop yordamida sayr qiladi, 58 ta mamlakatda bo‘lgan: Islandiya sohillarida kitlarni kuzatgan, Xitoyda fillarni qo‘lga o‘rgatgan, Ashxoboddagi eng baland mehmonxonaning tomiga chiqqan, Eron radiosida intervyu bergan, Perudagi Machu-Pikchuga bepul yetib borgan, 42 ming km.ni avtostop orqali bosib o‘tgan va 500 mil yayov yurgan.
– Mamlakatga vizani bir necha kunda oldim – tanishim meni O‘zbekistonning Belgiyadagi elchisi bilan tanishtirdi, u jarayonni tezlatishga yordam berdi. Viza uchun 30 yevro to‘ladim, bu juda yaxshi narx.
O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish juda arzon, lekin yetib olish qimmat. Har kuni ro‘yxatdan o‘tish qoidasi bekpeker harakatlanishi tezligiga qattiq ta’sir ko‘rsatadi. Bu ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan holat, boshqa biror mamlakatda bundan talabni uchratmaganman. Men kauchserferlarnikida yashashni afzal bilaman, lekin yuqoridagi qoida tufayli ayyorlik ishlatishimga to‘g‘ri keldi: bir necha tunni xostellarda o‘tkazdim, keyin qanchadir kun ro‘yxatga kiritib turishlari uchun pul to‘ladim, o‘zim esa kauchserferlarnikida yashadim, yana Toshkent–Samarqand poyezdiga chipta sotib oldim (bu esa, shu kunlarda ro‘yxatdan o‘tmaslik imkonini berardi), lekin o‘zim yo‘lni atvostop bilan kesib o‘tdim, menga shunisi qiziqroq. Natijada, yashagan kunlarimning hammasi uchun ham ro‘yxat belgisi bo‘lmadi, lekin Turkmaniston chegarasidan o‘tishimda hech kim talonlarimni tekshirib ko‘rgani yo‘q. Balki omadim kelib qolgandir.
Umumiy hisobda, sayohat davomida $100 ga yaqin pul sarfladim. Oziq-ovqatlar juda arzon. Shaharlarda asosan yayov yurdim, ba’zida avtobusga chiqdim. Esda qolgan xotiralardan: Chorvoq bo‘yida bahaybat qozonda Belgiya frisini tayyorladim, Samarqanddagi minora tepasida tong otishini kuzatdim, Xivaga ketayotganimda, Gazlida bir oqko‘ngil ayol tunash uchun butun boshli uyni taqdim qildi.
Mamlakat bo‘ylab nazorat-o‘tkazish punktlari juda ko‘p. Ba’zida YPX xodimlariga haydovchilar pora berishlariga to‘g‘ri keldi. Bu mamlakatga ishonch darajasini tushiradi va mintaqani xavfsirab chetlab o‘tishga sabab bo‘ladi (lekin sayohatim davomida birorta ham noxush hodisa ro‘y bermadi).
Turizm sohasida Qirg‘iziston yaxshi choralar ko‘rgan: Turkiya orqali arzon havo reysi, vizasiz rejim. Bular bari yangi sayyohlar kelishiga sabab bo‘ladi va mamlakat bo‘ylab sayohat qilishni ancha osonlashtiradi.Diyego Xaro, yurist (Ispaniya)
– O‘zbekiston bo‘ylab Toshkent–Xiva–Buxoro–Samarqand–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha bir hafta sayr qildim.
Tezkor viza olishga ariza topshirdim, bir haftada qo‘limga tegdi. Afsuski, anketani to‘ldirish bo‘yicha talablar haqida ingliz tilida axborot topish ancha qiyin.
Xostelda yashadim, narxlar xuddi Yevropadagidek – $10. Sharoiti va xizmat ko‘rsatish – o‘rtacha. G‘arbiy Yevropadagiga qaraganda tovarlar, oziq-ovqat narxlari va yo‘l kira ancha arzon. Sayyohlik xizmatlari va tovarlar qimmatroq. Umuman olganda, safarim davomida men $200–300 sarfladim.
Oqko‘ngil va mehmondo‘st xalq menga juda yoqdi. Tarixiy joylarga boy Samarqand hayratga soldi. Salbiy tomonlari: sotuvchilar, sayyohlarga ko‘zi tushishi bilan, ilakishib oladi. Taksichilar, ko‘chada savdo qiluvchilar, ba’zi xostellar ishchilari seni laqillatishmoqchi bo‘layotgandek hissiyot uyg‘onadi. Bunday odamlar barcha mamlakatlarda bor, lekin O‘zbekistonda ko‘proq (lekin, men uchratganim ajoyib odamlarga nisbatan kam).
Yana bir minus: sayyohlik maskanlaridan tashqarida Wi-Fi’ga ulanish nuqtalari yo‘q.
Xavfsizlik darajasi yuqori. Huquqni muhofaza qilish xodimlarini har qadamda uchratish mumkin, ko‘pincha ular men bilan xushmuomala bo‘ldilar.
Fikrimcha, O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish uchun ingliz tilida, jumladan, transport va mamlakat bo‘ylab harakatlanish usullari to‘g‘risida ko‘proq axborot berish, O‘zbekistonga aviareyslar narxini tushirish va vizani rasmiylashtirish taomilini soddalashtirish (yoki bekor qilish) kerak.Mikael Panayotu, dasturchi (Fransiya)
– O‘zbekistonga o‘tgan yilning sentabrida – salqin pallada amalga oshirdim. Vizani 10 kunda oldim, o‘sha paytda narxi €70 turardi. Toshkent–Samarqand–Shahrisabz–Toshkent yo‘nalishi bo‘ylab sayr qildim. Toshkentda Chorsu bozori va hunarmandlar qatori, knyaz Romanov saroyi va Rim-katolik cherkovi yoqdi. Toshkent hayvonot bog‘ida bo‘ldim. Katta hudud, ko‘kalamzorlashgan maydon, noyob hayvonlar mavjud. Toshkentda chiroyli, xavfsiz va toza metro bor. Minuslardan metro bekatlarida suratga olish taqiqlanganligini (holbuki taqiqlovchi belgilar yo‘q) keltirishim mumkin.
Mamlakatda haligacha e’lon qilinmagan komendant soat mavjud. Mehmonxonaga 22:00 gacha qaytishing kerak, har kuni ro‘yxatga olinganlik haqida talon beriladi. Aytishlaricha, bu talonni aeroportda ko‘rsatish kerak bo‘ladi, lekin men bunday holatga duch kelmadim.
O‘zbekistonda narxlar o‘rtacha. Xalqi juda do‘stona va xushmuomala, doim yordam berishga tayyor. Taomlari ajoyib. Menimcha, dunyodagi eng mazali taomlar. Afsuski, bankomatlar juda kam. Samarqandda deyarli yo‘q.Andrey Miron, uchuvchi (Latviya)
– Oxirgi safarim (90-yillarda xizmat safari bilan tez-tez kelardim)dan beri Toshkent tanib bo‘lmas darajada o‘zgaribdi. Markaziy tumanlar kengroq tus olibdi, ko‘plab zamonaviy binolar qurilibdi. Metro o‘sha-o‘sha shinam, toza va go‘zal bo‘lib qolganligi quvontirdi.
Toshkent aeroporti juda yomon taassurot qoldirdi. Chet el fuqarolari uchun pasport nazoratida faqat ikkita darcha ishlarkan. Aksariyat yo‘lovchilar aynan sayyohlar bo‘lib, uzun navbatga tizilishadi. Kichkinagina yuk tasmasi ko‘plab chemodanlar va sumalarni sig‘dira olmay, ular polga ag‘darilib tushadi.
Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasiga qo‘ndim. Ajoyib mehmonxona, sifatli servis, e’tiborli personal, joylashuvi ham qulay.
Shahar bo‘ylab kezib, qiziqarli xususiyatni payqadim: shahardagi qariyb barcha avtomobillar oq rang va mahalliy avtosanoatniki. Hamma bir xil mashinada yurgan SSSRga tushib qolgandek bo‘ldim.
Izoh (0)