ESET O‘zbekistonda zarar yetkazuvchi dasturiy ta’minot faolligi to‘g‘risida 2017-yil avgust holatidagi hisobotni taqdim etdi. U ESET LiveGrid bulutli tizimi yordamida tuzilgan, deb yozadi IctNews.
O‘zbekiston uchun kibertahdidlar reytingida birinchi o‘rinni LNK/Agent.EI virusi egallagan. Dastur ishga tushgandan so‘ng u tizimga tarqaladi va tezkor xotirani to‘ldirib, kompyuter ishiga to‘sqinlik qiladi.
Reytingdan Win64/CoinMiner va NSIS/CoinMiner kriptovalyuta maynerlari ham joy olgan. Zararli dasturlar murakkab hisob-kitoblar uchun zararlangan tizim quvvatidan foydalanadi va bu ham kompyuter ishini qiyinlashtiradi.
Kibertahdidlar global reytingida JS/Adware.AztecMedia va JS/Adware.Ismali yetakchilik qilmoqda. Iyul oyida ESET NOD32 ning o‘zbekistonlik foydalanuvchilarining 17,82 foizi kompyuterlarining zararli dasturiy ta’minot bilan zararlashga urinish holatiga duch kelgan.
ESET shubhali saytlarga kirmaslik, operatsion tizimni muntazam yangilab turish, shuningdek, shaxsiy kompyuter va mobil qurilmalarni zamonaviy virusga qarshi dasturiy ta’minotlar bilan himoya qilishni tavsiya qiladi.
Izoh (0)