Yanvar oyi boshida Finlyandiyada shartsiz tayanch daromad joriy etish bo‘yicha dunyodagi birinchi tajriba yo‘lga qo‘yildi: 2000 kishi har oyda 560 yevro ola boshladi. Ular ish topgan taqdirda ham bu pullardan mahrum bo‘lmaydi — tayanch daromad tajriba ishtirokchilari hech bo‘lmaganda minimal pullarni har qanday holatda olishini kafolatlaydi.
Meduza loyiha ideologlaridan biri Kela (Ijtimoiy sug‘urta masalalari bilan shug‘ullanuvchi Finlyandiya davlat agentligi) professori Olli Kangas bilan suhbatlashdi.
— 2016-yilda Kela va Finlyandiyaning bir nechta universitetlari tayanch daromadni qo‘llash ehtimollari bo‘yicha dastlabki tadqiqot o‘tkazdi. Bu tadqiqot natijalari qanday bo‘ldi? Nega tajribani boshlashga qaror qildingiz?
— Tajriba o‘tkazilishini hukumatning o‘zi istadi, bu hukumat g‘oyasi edi. Ular tayanch daromadni joriy etish orqali islohot (ijtimoiy sohada) o‘tkazish mumkin-mumkin emasligi, tayanch daromad ba’zi muammolarning yechimi bo‘la olish-olmasligini aniqlashni xohladi. Ulardan biri shundaki, ba’zi holatlarda ijtimoiy ta’minot tizimi ishga joylashishni rag‘batlantirishga qarshi ishlaydi. Boshqacha aytganda, ijtimoiy to‘lovlarga suyansangiz, ishga chiqqandan ko‘ra ko‘proq pul olasiz. Ishsizlik bo‘yicha nafaqalar hisobiga yashovchi odam ish uning daromad darajasiga hech narsa qo‘shmasligini tushunadi.
Aynan shuning uchun tayanch daromad ana shunday tuzoqlarning biridan xalos bo‘lsa nima bo‘lishi haqida o‘ylab ko‘rdik.
— Tajriba shartlari — ikki ming kishi, dastur amal qilish muddati ikki yil, oyiga 560 yevro. Bu shartlar hukumat tomonidan belgilandimi yoki tadqiqotchilar tomonidan taklif qilindimi?
— Biz ko‘p sonli o‘zaro kelishuvlarga erishdik. Hukumat tajriba uchun 20 million yevro ajratdi hamda u 2017 va 2018-yillarda o‘tkazilishini ma’lum qildi. Biz ikki yil kishilarning o‘zini tutishiga ta’sirini baholash uchun juda qisqa muddat ekanligini aytishga urindik va budjet ikki, hatto uch karra ortiq bo‘lishi kerakligini ta’kidladik. Ular bunga ko‘nmadi. Shuning uchun qaysi darajadagi tayanch daromad bilan tajriba o‘tkazishni hal qilishimizga to‘g‘ri keldi. 560 yevro? 760? Ehtimol, 800?
Hukumat barchasi 2017-yilda boshlanishini talab qildi, biroq buning uchun qonunchilik asosini yaratish kerak edi. Qonun qabul qilish esa vaqt talab qiladi — u bir nechta qo‘mitalar, birinchi navbatda, konstitutsiyaviy qo‘mitadan o‘tishi lozim. Aynan u eng qiyini edi, chunki Finlyandiya konstitutsiyasida barcha teng munosabat huquqiga ega ekanligi belgilangan, bu kabi tajriba esa kishilarni bir-biridan ajratadi.
— Keling, hech qanday moliyaviy va siyosiy cheklovlar yo‘q deb tasavvur qilamiz — sizning fikringizcha, tajriba tuzilishi qanday bo‘lishi lozim? Uzoqroq muddatlimi? Olti yilmi?
— To‘rt yil adekvat muddat bo‘lar edi. Tanlov ham munitsipal va mahalliy emas, davlat darajasida bo‘lishi lozim. Tajriba kamchiligi — uning majburiyligi; unda qatnashish uchun tanlanganlar unda ishtirok etishga majbur. Agar u ixtiyoriy bo‘lganda, unda tajriba g‘oyasiga qo‘shilganlar ishtirok etgan bo‘lardi. Bundan tashqari, agar unda ishtirok etish ixtiyoriy bo‘lsa, undan chiqish imkoniyati bo‘lar edi — bizning tajribamizda esa buning iloji yo‘q.
— Tajriba qatnashchilari qanday shartlar asosida tanlandi? Bu to‘liq tasodifiy tanlovmi?
— Ha, mutlaqo. Bizda Kela’dan pul oluvchi (ishsizlik bo‘yich nafaqa ko‘zda tutilmoqda) kishilar ro‘yxati bor edi. Undan tasodifiy raqamlar usuli bilan ishtirokchilar tanlandi.
— Tajriba ishtirokchilari nima bilan shug‘ullanayotganini kuzatish vositalariga egamisiz?
— Bu Kela bilan bog‘liq bo‘lganligi tufayli bizda ular qanday ijtimoiy imtiyozlar, qanday tibbiy yordam olayotgani, biror-bir tashxis qo‘yilganmi-yo‘qmi, masalan, tajriba ishtirokchisi tushkunlik xastaligidan aziyat chekayotgan-chekmayotganligi haqida ma’lumotlar anketasi mavjud. Bundan tashqari, 2018-yil oxirida so‘rovlar va intervyu o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
— Tajriba yarim yildan ortiq davom etmoqda, biror-bir dastlabki natijalaringiz bormi?
— Yo‘q, biror-bir aniq ma’lumotni 2017-yil uchun soliq deklaratsiyalari topshirilgandan so‘ng ma’lum qilish mumkin. Hozircha faqat ishtirokchilarning birinchi taassurotlari haqida gapirishimiz mumkin.
— Tajriba ishtirokchilari OAVlari bilan cheklovlarsiz muloqot qila oladimi? Masalan, pullarni qanday sarflayotganligi haqida?
— Ha. Ular OAVlariga istagan narsalarini ma’lum qilishi mumkin. Biroq biz — Kela — ular bilan bog‘lanish imkonini beruvchi ma’lumotlarni oshkor qilish huquqiga ega emasmiz.
— Nima tajribani nazariy jihatdan barbod qilishi mumkin?
— Avvalroq aytganimdek, tajribaning muammosi — moliyalashtirish ikki yil davom etadi va ishtirokchilar bu haqda biladi. Ular ikki yil ichida o‘z odatlarini kuchli o‘zgartirmaydi va o‘z hayotiga o‘rganish qiyin bo‘lgan kichik o‘zgartirishlar kiritadi.
Yana bir omil — ishtirokchilar soni. Ular ko‘proq bo‘lganda, xursand bo‘lardim, biroq budjet bo‘yicha cheklovlar bor.
— Tajriba muvaffaqiyat va muvaffaqiyatsizligi mezonlari qanday bo‘ladi?
— Tajriba allaqachon muvaffaqiyatga erishdi, deb hisoblayman. 2016-yil oxiriga qadar bunday tajriba o‘tkaza olish-olmasligimiz ham noaniq edi. Loyihani yo‘lga qo‘ya olganimizning o‘zi kelajakda yangi, yanada yaxshiroq tajribalar o‘tkazish uchun yangi imkoniyatlar doirasini ochadi. Bundan tashqari, tajriba qonuniy asoslarini yarata olganligimiz ham juda yaxshi.
Tajriba natijasi haqida juda qayg‘urmayotganligimni aytishim mumkin. Tajriba tayanch daromad yaxshi narsa ekanligini ko‘rsatsa, bu men uchun yaxshi, biroq tajriba natijasida tayanch daromad u hal qilishi lozim bo‘lgan muammolarni yechishga yordam bermasligi aniqlansa ham yaxshi.
— Tayanch daromad yaxshi yoki yomon narsa ekanligini qanday hal qilish mumkin? Mezonlar qanaqa?
— Bizni qiziqtiruvchi asosiy narsa — bandlik. Hukumatimiz aynan shu muammoni hal etishdan manfaatdor. Bundan tashqari, biz tayanch daromadga ega bo‘lgan odamning to‘liqsiz ish kuni va bir martalik buyurtmalar bo‘yicha shartnomalarga rozi bo‘lishi oson-oson emasligini tushunishni istaymiz.
Ishsiz odamga u nima bilan shug‘ullanishidan qat’iy nazar puli bo‘lishini va’da qilsak, bu iqtisodiy stressni kamaytiradimi?
— Tayanch daromad g‘oyasi ba’zi siyosatchilar va qo‘mitalar noroziligiga sabab bo‘lganligini aytib o‘tdingiz. Bu g‘oya haqida Finlyandiya siyosatchilari qanday fikrda?
— Siyosatchilar tayanch daromad haqida qanday fikrda ekanligi bir masala bo‘lsa, ular tajribamiz haqida qanday fikrda ekanligi boshqa masala.
Tayanch daromad bo‘yicha fikrlar kuchli farqlanadi. Chaplar (sobiq kommunistlar), yashillar va markazchilar, shuningdek, konservativ partiyaning kichik qismi ushbu g‘oyani qo‘llab-quvvatlamoqda. Sotsial-demokratlar va konservatorlarning aksariyat qismi esa unga qarshi.
Tajribaning o‘zi haqida gapiradigan bo‘lsak, unga yashillar ham, so‘llar ham, konservatorlar ham shubha bilan qaramoqda. Albatta, sotsial-demokratlar ham. 20 million sarflashga qaror qilganligimiz borasida juda ko‘p tanqidlarga uchradik.
— Finlyandiya fuqarolari bu haqda qanday fikrda? G‘oya va tajriba borasidagi so‘rovnomalar natijalariga egamisiz?
— Tajriba haqida gapiradigan bo‘lsak, ma’lumotlar to‘plaganim yo‘q, biroq Twitter yoki OAVlaridagi izohlarga qarasak, fikrlar bir-biriga zid. Ba’zilar pullarni shunchaki bermaslik kerakligini ta’kidlamoqda. Boshqalar esa, va nihoyat, mavjud muammolarni hal qilish imkonini beruvchi tajribalar paydo bo‘lganligini ta’kidlamoqda.
Tayanch daromadga g‘oya sifatida to‘xtaladigan bo‘lsak, juda ko‘p ma’lumotlarga egamiz. Umumiy tarzda so‘raydigan bo‘lsangiz, 70 foiz so‘rovnoma ishtirokchilari bu yaxshi ekanligini ta’kidlamoqda. Biroq aniqroq savolga o‘tsak, ya’ni oyiga 600 yevro tayanch daromad to‘lasak, daromad solig‘i 40 foizgacha oshishi mumkinligini ma’lum qilsak, qo‘llab-quvvatlash darajasi 45, hatto 40 foizgacha pasaymoqda.
Umuman olganda, qo‘llab-quvvatlash darajasi savol qanday qo‘yilishiga bog‘liq. Umumiy g‘oya odamlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda, biroq tafsilotlar shubha uyg‘otmoqda.
Izoh (0)