Bugungi kunda O‘zbekistonning muhofaza etiladigan tabiiy hududlari tizimiga sakkizta davlat qo‘riqxonasi, bitta biosfera rezervati, ikkita tabiat milliy bog‘i, o‘nta buyurtma qo‘riqxonasi singari qator inshootlar kiradi. Ularning umumiy maydoni 23,5 ming kvadrat kilometrni tashkil qiladi. Maqsad — hududlardagi tabiiy landshaftlarni saqlab qolish, mavjud flora va faunani avaylab asrash, tabiiy resurslardan barqaror foydalanish orqali ekologik holatni yaxshilash. Shulardan biri dengiz sathidan 800–4000 metr balandlikda joylashgan Ug‘om–Chotqol milliy tabiat bog‘idir.
Hozirda bu yerda hayvonot dunyosining 230 turi mavjud. Ularning 38 xili O‘zbekiston va jahon qizil kitoblariga kiritilgan. Qushlardan lochin, boltayutar burguti, qumoy, alp zag‘chasi singarilar shular sirasidan va ular muhofaza ostiga olingan.
“O‘zbekiston 24” telekanali bog‘ haqida lavha tayyorladi.
“Uzoq kutilgan fursatdan keyin, yovvoyi tabiat bag‘rida yashovchi Tyanshan qo‘ng‘ir ayig‘i e’tiborimizni tortdi. Hozirgi kunda ushbu biosfera qo‘riqxonasida yovvoyi holda yashayotgan 160 boshga yaqin ayiq borligi aniqlangan. Mazkur tabiat bog‘i boshqa jonzotlarning yashashi uchun ham qulay maskan hisoblanadi”, — deyiladi lavhada.
Izoh (0)