Yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan jismoniy shaxslarni bankrot deb e’lon qilish jarayoni 2018-yilda joriy etilishi mumkin. Bu haqdagi qonun loyihasi muhokama uchun internetga joylashtirildi, deb xabar beradi “Gazeta.uz”.
Hozirda O‘zbekiston qonunchiligi faqat yuridik shaxslarga nisbatan bankrotlik jarayonini tartibga soladi va nazorat qiladi. Qonun loyihasiga muvofiq, yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan yoki davlat ro‘yxatidan o‘tmay tadbirkorlik faoliyatini yuritgan shaxslar kreditorlar talablarini qondiradigan ahvolda bo‘lmasa, tegishli talablar uning ilgarigi tadbirkorlik faoliyatidan kelib chiqadigan bo‘lsa, belgilangan tartibda bankrotlik e’lon qilishi mumkin.
Ushbu me’yor realizatsiyasi Fuqarolik kodeksining hamda “Bankrotlik to‘g‘risida”gi qonunning qator o‘rinlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishini taqozo etadi.
Hujjat muallifi bo‘lmish davlat soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga qaraganda, 1-iyul holatiga ko‘ra yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan 158 ming fuqaroning soliq bo‘yicha qarzdorligi 105,9 milliard so‘mni tashkil etmoqda.
“Amaliyotda bunday soliq qarzdorligini undirish imkoniyati yo‘q, lekin buni imkonsiz holat deb baholamaslik lozim”, — deyiladi qonun loyihasiga keltirilgan sharhda.
Izoh (0)