AQSh biznesi yetakchilari mamlakat prezidenti Donald Trampdan yuz o‘girishda davom etmoqda. Prezident huzuridagi maslahat organi bo‘lmish AQSh sanoat kengashidan ketishini bu safar AQSh ishlab chiqaruvchilari alyansi prezidenti Skott Pol ma’lum qildi, deb xabar beradi “Kommersant.ru”.
O‘z navbatida, AQShdagi eng yirik savdo tarmog‘i va xususiy ish beruvchi hisoblangan Walmart bosh direktori Dag Makmillon kompaniya xodimlari orasida murojaat tarqatib, Sharlotsvilldagi voqealarga javob berarkan, prezident Tramp “oq irqchilarning jirkanch xatti-harakatlarini so‘zsiz qoralab, mamlakatni birlashtirish imkoniyatini qo‘ldan boy bergan”ini aytdi.
Shu bilan birga, prezidentning boshqa maslahat organi — Strategik va siyosiy forumda o‘tiruvchi Makmillon undan ketmasligini bildirdi, negaki bu a’zolik unga mijozlarini va manfaatlarini himoya qilish imkonini beradi.
Ilgari Trampning Sharlotsvilldagi voqealarga munosabatiga e’tiroz o‘laroq kengashni Merck farmatsevtik, Intel texnologik kompaniyalari hamda Under Armour sport kiyimlari ishlab chiqaruvchisining rahbarlari tark etgan edi.
Izoh (0)