Diyor Imomxo‘jayev

Yomg‘irli Frankfurt sayohati tugab, go‘zal Barselona turi boshlandi

11-avgust tushdan o‘tib #tour_de_clasico ishtirokchilari Frankfurt—Barselona yo‘nalishi bo‘ylab parvoz qildi va 2 soat deganda qirg‘oqlarini O‘rta yer dengizi suvlari yuvib turadigan Barselonaga yetib keldi.

Foto: “Daryo”

Frankfurt va Barselona aeroportlari bir-biridan yer bilan osmoncha farq qiladi. Bunda ikkinchisida qulayliklar kam demoqchi emasman, biroq Frankfurt aeroporti nisbatan har jihatdan zamonaviyroq.

Barselona ob-havosiga gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Siz aeroportdan chiqishingiz hamonoq dengizga tutash issiq hududlarlar namgarchiligini his qilasiz, ammo u sizni ortiqcha qiynamaydi, umuman. Mayin esib turgan shaboda o‘ng‘aysizlikdan xalos etib, tanangizga o‘zgacha zavq bag‘ishlaydi. Dengizning bir tomoni tog‘li hudud bilan o‘ralgani Barselona iqlimini mo‘tadillashtiradi.

Foto: “Daryo”

Frankfurtda bo‘lgani kabi Barselona osmonida ham qora bulutlar suzib yurgandek edi. Biroq bu yomg‘ir bilan yakuniga yetmadi. Bulutlar havoni yoqimli ko‘rinishga keltirib, keyin tarqab ketdi.

Shaharda qilgan birinchi ishimiz ko‘hna Kataloniya mavzesiga tashrif buyurish bo‘ldi. Bunda biz kuzatuvchi xizmatiga ehtiyoj sezmadik. Barselona metrosi Toshkent metrosiga juda o‘xshab ketadi. Undan foydalanish hech qanday qiyinchilik tug‘dirmaydi. Bunda chipta olish masalasi, metro ichidagi savdo-sotiq va boshqa qulayliklarning borligi e’tiborni tortadi, qolgani xuddi o‘zimizniki kabi. Tozalik va chiroy bobida Toshkent metrosi bilan bellashish qiyin, albatta. Metroning asosiy vazifasi odamlarga qulaylik yaratish, ularni ortiqcha tirbandliksiz o‘z manziliga tezlik bilan yetkazish bo‘lsa, Barselona metrosi bu funksiyani juda yaxshi bajaradi. Umuman, aeroport, shahar manzarasi, metro va boshqa bir qator masalalardan xulosa qilinsa, barselonaliklar zamonaviylik u qadar ketidan quvib ketmaganini, balki o‘zlariga xos bo‘lgan uslub va uning tarix bilan hamohanglini xush ko‘rishlarini tushunish mumkin.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Narx-navo haqida gap ketganida, Barselona Frankfurtdan anchagina arzon ekaniga guvoh bo‘ldik. Ayniqsa, Kataloniya ko‘chalariga joylashib olgan hind va pokistonlik savdogarlar do‘koni yana ham qiziqroq. Bu yerda savdolashish, kelishish imkoniyati mavjud. Savdo amalga oshishi uchun ular bor kuchi bilan harakat qiladi, chunki raqobat ancha kuchli.

Kataloniya maydoni chiroyini so‘z bilan ta’riflash qiyin. Bunda nafaqat zamonaviylik ruhi ufurib turibdi, balki uning ko‘rki tarix bilan chiroyli uyg‘unlashgan.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Shaharning har yerida “Barselona” futbol klubining nafasini his qilishingiz mumkin. Barselonadagi ilk kundayoq jamoa shahar aholisining hayotida qanday o‘rin tutishini bilib olish mumkin. “Barselona” odamlarning g‘ururi, ishonchi, ovunchog‘i.

Bugun biz “Kamp-Nou” arenasiga sayohat qilishni, keyinroq esa dengiz bo‘yiga borishni rejalashtirganmiz. Biz kutayotgan “El-Klasiko”ga esa bir kungina vaqt qoldi.

Azimut Travel

Manzil: Samarqand shahri, A. Jomiy ko‘chasi, 65 uy
Telefon: +99895 5079469
Ofis: +99866 2332666
Reklama bo‘lim: +99898 5731111
E-mail: sayohat@azimut.uz

↓ KEYINGI XABAR ↓
Boshiga chiqing