9-avgust kuni KXDR Oliy sudi Kanada fuqarosi Lim Xyon Suni ozod qilish haqida qaror qabul qildi. Kanadalik pastor bir yarim yil avval Shimoliy Koreyaga qarshi “dushmanlik harakatlari” uchun umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan edi.
2017-yilning iyunida KXDR hukumati insonparvarlik nuqtai nazaridan yana bir chet ellik mahbus — talaba Otto Vombiyerni avf etdi. U qamoqda komaga tushgan va uyiga qaytgandan keyin vafot etgan.
Chet elliklarning KXDRda qamoqqa olinishi bilan bog‘liq ovozali holatlar “RBK” tahlilnomasida.
Evan Xansiker (o‘ngda), AQSh
1996-yilning avgustida KXDRda bahslashgani tufayli mast va yalang‘och holda Xitoy va Shimoliy Koreya chegarasidagi daryoni suzib o‘tgan amerikalik Evan Xansiker hibsga olindi. U hibsga olingandan so‘ng josuslikda ayblandi, chunki uning onasi va sobiq rafiqasi Janubiy Koreya fuqarolari edi. Xansiker mehmonxonada kuzatuv ostida saqlandi, muzokaralar va yashash uchun xarajatlar to‘langandan keyin qo‘yib yuborildi. U AQShga qaytdi va bir necha oydan so‘ng o‘z joniga qasd qildi. Uning joniga qasd qilishiga alkogolizm va narkotiklar bilan bog‘liq muammolar, shuningdek, sobiq xotiniga qayta olmaganligi sabab qilib ko‘rsatildi. Alyaska sudi uning rafiqasi bilan uchrashishini taqiqlovchi xatlov chiqargan edi.
Robert Pak, AQSh
2009-yilning oxirida KXDRda chegarani noqonuniy kesib o‘tganligi uchun asli kelib chiqishi koreyalik bo‘lgan amerikalik aktivist Robert Pak hibsga olindi. U qamoqda 43 kun o‘tkazgandan so‘ng ozod qilindi.
Keyinroq u intervyularidan birida qamoqda kaltaklash, zo‘rlash va jinsiy zo‘ravonlikka duchor bo‘lganligini hikoya qiladi. Uning so‘zlariga qaraganda, qamoqdan ozod etilgandan so‘ng u ruhiy kasalliklar shifoxonasida davo kursini o‘tishga majbur bo‘lgan.
Lora Lin (chapda) va Yuna Li, AQSh
2009-yilning martida KXDRda ikki amerikalik jurnalist Lora Lin va Yuna Li hibsga olindi. Ular KXDRdan qochib ketganlar haqida reportaj tayyorlayotgan edi. Chegarani noqonuniy kesib o‘tish hibsga olish sababi qilib ko‘rsatildi, biroq jurnalistlar chegarachilar ularni Xitoy hududida hibsga olganligini ta’kidladi. Natijada amerikalik jurnalistlar 140 kunni qamoqda o‘tkazdi va bu vaqt davomida bir-biridan ajratib qo‘yildi. Ular AQSh sobiq prezidenti Bill Klintonning aralashuvidan so‘ng ozod etildi. Klinton buning uchun ataylab Pxenyanga keldi. Jurnalistlar keyinchalik qamoqxonada saqlash sharoitlari haqida hikoya qilishdan bosh tortib, tafsilotlar ularni eslash uchun juda og‘riqli ekanligini ma’lum qildi.
Kennet Bey, AQSh
2013-yilda Shimoliy Koreyada AQSh fuqarosi, missioner Kennet Bey hibsga olindi. U “dushmanlik harakatlari”da ayblanib, 15 yilga axloq tuzatish ishlariga hukm qilindi. Oqibatda Bey Shimoliy Koreya qamoqxonasida 735 kunni o‘tkazdi.
Ozod qilingandan keyin Bey intervyuda mehnat lageridagi daxshatli saqlash sharoitlari, shuningdek, hibsda ekanligida 27 kilogrammga ozganligini ma’lum qildi. Hibsga olishning dastlabki to‘rt haftasida u har kuni 8:00 dan 22:00 yoki 23:00 gacha so‘roq qilingan. Uning so‘zlariga qaraganda, jismoniy bosimga ruhiy bosim ham qo‘shilgan.
Merril Nyuman, AQSh
2013-yilning oktabr oxirida KXDRda Koreya urushi veterani 85 yoshli amerikalik Merril Nyuman hibsga olindi. U urush davrlaridagi jinoyatlarda ayblandi. Merril Shimoliy Koreya televideniyesida chiqish qildi va aybini tan oldi.
Amerikalik veteran bir oydan so‘ng ozod qilindi, shundan so‘ng aybini bosim ostida tan olganligini ma’lum qildi. Nyuman KXDRda saqlash sharoitlaridan shikoyat qilmagan va mehmonxona xonasida saqlanganligi hamda o‘zini qulay his qilganligini ta’kidlaydi.
Ayjalon Gomes, AQSh
2010-yilning yanvarida chegarani noqonuniy kesib o‘tganlik uchun AQSh fuqarosi Ayjalon Gomes qo‘lga olindi. O‘sha yilning aprelida u sakkiz yillik axloq tuzatish ishlariga hukm qilindi. KXDR hukumati AQSh Pxenyanni Janubiy Koreyaning harbiy kemasini torpeda bilan hujum qilganlikda ayblashda davom etsa, Gomesga nisbatan harbiy davr qonunlarini qo‘llashini ma’lum qildi.
Keyingi oy Gomes o‘z joniga qasd qilishga urindi, biroq uni qutqarib qolishdi va gospitalga joylashtirishdi. Voqealar yakunida u AQSh sobiq prezidenti Jimmi Karterning aralashuvi bilan 2010-yilning avgustida ozod qilindi.
Metyu Miller, AQSh
2014-yilning aprelida uchib o‘tish davomida vizasini yirtib tashlagan va Shimoliy Koreya hukumatidan unga boshpana berishni so‘ragan amerikalik sayyoh Metyu Miller hibsga olindi. U shu usul orqali sayyohlikdan tashqari Koreyani ko‘rish va aholi bilan yuzma-yuz tanishishni ko‘zlaganligi aniqlandi. U boshpana olish uchun tergovchilarni harbiy sirlarni bilishiga ishontirishga urindi.
Shu yilning kuzida u olti yillik majburiy mehnatga hukm qilindi, biroq tez orada ozod qilindi va AQShga yuborildi.
Jeffri Foul, AQSh
2014-yilning mayida KXDRni tark etishga uringan amerikalik Jeffri Foul hibsga olindi. U davlatga qarshi jinoyatlarda ayblandi: KXDRda missionerlik faoliyati, Bibliya va boshqa muqaddas kitoblar taqiqlangan, Foul esa Bibliyani Chxonjin shahri restoranlaridan birining hojatxonasida unutib qoldirgan. Kitob muqovasida sayyohning ismi, telefon raqami va oilasi surati bo‘lganligi uchun KXDR hukumati uni topishga erishgan. U olti yillik qamoq jazosiga hukm qilingan, biroq muzokaralardan so‘ng ozod qilingan va 2014-yilning kuzida uyiga qaytgan.
Otto Vombiyer, AQSh
2016-yilning yanvarida besh kunlik sayyohlik safari davomida KXDR hukumati amerikalik talaba Otto Vombiyerni qo‘lga oldi. Talaba tashviqot plakatini o‘g‘irlaganligi uchun 15 yillik lagerga hukm qilindi. 2016-yilning martida u aybini tan oldi.
2017-yilning iyun oyi o‘rtalarida Vombiyer ozod qilinib, AQShga yuborildi. KXDR u insoniylik nuqtai nazaridan ozod qilinganligini ma’lum qildi. Pxenyanda ta’kidlanishicha, u qamoqda ekanligida botulizmga chalingan. Biroq amerikalik shifokorlar unda yuqoridagi xastalik alomatlarini aniqlamaganligini bildirdi. Shimoliy Koreya hukumati Vombiyer uxlatuvchi dori qabul qilgandan so‘ng komaga tushganligini ma’lum qildi. U koma holatida AQSh hukumatiga topshirilgan. Talaba davolash uchun Sinsinnati universiteti tibbiy markaziga yuborildi, biroq u yerda Vombiyer vafot etdi.
Kim Don Chxol, AQSh
2016-yilning aprelida KXDR sudi amerikalik biznesmen Kim Don Chxolni o‘n yillik qamoq jazosiga hukm qildi. U Janubiy Koreya foydasiga josuslik qilishda ayblandi. U 2015-yilning oktabrida iste’fodagi shimoliy koreyalik harbiy xizmatchi bilan uchrashuv davomida hibsga olindi.
Suddan bir oy avval KXDR hukumati tomonidan tashkil etilgan matbuot-konferensiyasida Kim Don Chxol go‘yoki Janubiy koreyalik harbiylar bilan hamkorlikda josuslik qilishga uringanligini tan oldi. Uning ozod etilganligi yoki keyingi taqdiri noma’lum.
Lim Xyon Su, Kanada
2017-yilning 9-avgustida KXDR Oliy sudi Kanada fuqarosi Lim Xyon Suni bir yarim yillik qamoqdan so‘ng insonparvarlik nuqtai nazaridan ozod qilish haqidagi qarorni qabul qildi. U 2015-yilning dekabrida Shimoliy Koreyaga nisbatan dushmanlik ruhidagi faoliyati uchun umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan edi.
Kanadalik pastor KXDRga “gumanitar faoliyat” uchun kelgan. Tergov fikricha, u “KXDR oliy rahbariyati obro‘sini” kamsitgan, shuningdek, Shimoliy Koreya rejimini izdan chiqarish uchun dindan foydalanishga uringan.
Izoh (0)