Jinoiy ishlar bo‘yicha Toshkent viloyat sudida 9-avgust kuni Ahmadboy nomi bilan mashhur Ahmadjon Tursunboyev hamda uning olti nafar sherigi gumondor sifatida ko‘rilayotgan ish bo‘yicha sud eshituvlari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Uz24 xabar bermoqda.

Kadr: “Toshkent” telekanali

Yig‘ilishda Tursunboyev ta’sis etgan “Chinoz halol chorva” va “Chinoz avto hamkor” firmalari faoliyatidan zarar ko‘rgan 11 jabrlanuvchining ko‘rsatmalari tinglandi.

Unga qarshi Jinoyat kodeksining to‘rt moddasi bo‘yicha ayblovlar ilgari surildi: 177-moddaning (valyuta qimmatliklarining noqonuniy xarid qilinishi yoki sotilishi) “a”, “b” bandlari, 188-modda (Davlat ro‘yxatidan o‘tmay tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib, o‘ta yirik miqdorda nazoratsiz daromad olish), 189-modda (Savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish), 190-moddaning (Litsenziyasiz faoliyat bilan shug‘ullanish) “a”, “v” bandlari.

Ahmadjon Tursunboyev 2016-yil iyulida Chinoz tumanida qo‘lga olingan edi. Tintuv chog‘ida uning uyidan 13,1 milliard so‘m va 7,9 million dollar naqd pul topilgan edi. Uning garajida Escalade, BMW, Lexus mashinalari saqlanishi aniqlandi.