Musodara qilingan mol-mulk onlayn-auksion orqali realizatsiya qilinadi. Bu O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda mol-mulkni realizatsiya qilish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi, deb xabar beradi “O‘zbekiston 24”.
Mazkur qaror ijro ishi yuritishni amalga oshirishda mol-mulkni realizatsiya qilish bo‘yicha auksion savdolarining qonuniyligi, shaffofligi va xolisligini ta’minlash, narx-navo manipulyatsiyasi va boshqa suiiste’molchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik hamda ularning oldini olish, shuningdek, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari so‘zsiz ijro etilishini ta’minlashga qaratilgan bir qator muhim chora-tadbirlarni nazarda tutadi.
Jumladan, qarorga muvofiq, 2017-yil 1-sentabrdan boshlab:
sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda mol-mulkni realizatsiya qilish bo‘yicha auksion savdolari faqatgina E-Ijro Auksion yagona elektron savdo maydonchasida onlayn-auksionlar shaklida o‘tkaziladi;
onlayn-auksionlar ularda internet tarmog‘i orqali ishtirok etish imkonini beradigan hamda buyurtmalarni qabul qilish va g‘olibni aniqlash tartib-taomillariga aralashuvni istisno etadigan maxsus dasturiy mahsulotdan foydalanilgan holda o‘tkaziladi;
onlayn-auksionlar o‘tkazilishi haqidagi xabarnoma va lot to‘g‘risidagi ma’lumot elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish va o‘tkazishga vakolatli operatorning veb-portalida, shuningdek, O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi va uning hududiy boshqarmalari veb-saytlarida auksion o‘tkazish boshlanishiga o‘n taqvim kundan kechiktirmasdan joylashtiriladi;
onlayn-auksionlarda ishtirok etish elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan elektron buyurtma berish va zakalat kiritish orqali amalga oshiriladi;
dastlabki onlayn-auksion narxni oshirib borish tamoyili, takroriylari esa narxni tushirib borish tamoyili bo‘yicha o‘tkaziladi;
mol-mulk elektron onlayn-auksionga baholash qiymati bo‘yicha qo‘yiladi;
davlat ijrochilari elektron onlayn-auksionlarda sotilmagan mol-mulkni arzonlashtirishga haqli emas.
Yangi o‘rnatilgan tartibga muvofiq, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda mol-mulkni realizatsiya qilish bo‘yicha onlayn-auksionlar ish kuni davomida soat 9:00 dan 18:00 ga qadar amalga oshiriladi.
Qarorga asosan, Majburiy ijro byurosi huzuridagi “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi” davlat unitar korxonasi tashkil etildi.
Bundan tashqari, qaror bilan Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda mol-mulkni realizatsiya qilish bo‘yicha elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Izoh (0)