Taniqli amerikalik aktyor, “Oskar” mukofoti sovrindori Tom Xenks kino va televideniyeda AQSh tarixini aks ettirgani uchun mukofot oladi. Bu haqda, Reuters’ga asoslanib, “Gazeta.ru” xabar bermoqda.
Mukofotni artistga National Archives Foundation notijorat tashkiloti topshiradi. Marosim 21-oktabr kuni Vashingtondagi milliy arxiv muzeyida bo‘lib o‘tadi.
Xenks real voqealarga asoslangan qator filmlarda suratga tushgan, “Oddiy askar Rayanni qutqarish”, “Apollon 13”, “Ayg‘oqchi ko‘prigi”, “Qo‘lingdan kelsa, tutib ol”, “Gudzondagi mo‘’jiza” shular jumlasidandir.
National Archives Foundation bayonotida aytilishicha, Xenksning qahramonlari Ikkinchi jahon urushida qatnashgan, “sovuq urush” yillari AQSh nomidan muzokaralar olib borgan, Vyetnamda jang qilgan, kongressda ishlagan, kosmik dastur bilan shug‘ullangan.
Muqaddam ushbu mukofot rejissor Stiven Spilbergga va “Gamilton” myuzikli muallifi Lin-Manuel Mirandaga berilgan.
Izoh (0)