Vazirlar Mahkamasining qarori bilan O‘zbekistonda “Muruvvat” va “Saxovat” uylarini qo‘llab-quvvatlash fondi tashkil etilishi belgilandi. Bu haqda UzNews xabar bermoqda.
Fond mablag‘lari xayriya mablag‘lari, texnik ko‘mak mablag‘lari (grantlar) va boshqa taqiqlanmagan mablag‘lar hisobidan shakllantiriladi. Ular “Muruvvat” va “Saxovat” internat-uylarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
Shuningdek, “Muruvvat” va “Saxovat” uylari o‘zlari yuridik shaxs ochmay tashkil etadigan sog‘lomlashtirish sexlari, ustaxonalar va boshqa xo‘jaliklardan tushadigan mablag‘larni ishlab chiqarish xarajatlari to‘liq qoplanganidan so‘ng shu maqsadda ishlatishi mumkin bo‘ladi.
Hujjatda “Muruvvat” va “Saxovat” uylarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Respublika vasiylik kengashi tuzilishi ko‘zda tutilgan.
Qoraqalpog‘istonda, viloyatlarda va poytaxtda hududiy vasiylik kengashlari tuziladi. Ularning asosiy vazifasi nogironlar va keksalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishdir.
Respublika vasiylik kengashining tarkibi bosh vazir tomonidan, hududiy kengashlar tarkibi esa Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi hamda tegishli hokimlar tomonidan Respublika vasiylik kengashi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
Izoh (0)