Toshkent shahrida 7-iyul kuni kunduzi havo harorati +42,2 darajagacha ko‘tarildi. “O‘zgidromet”ning qayd etishicha, poytaxt tarixidagi eng jazirama 7-iyul 1912-yilda kuzatilgan bo‘lib, o‘shanda havo harorati +42,6 darajagacha ko‘tarilgan.
Shu kuni Qoraqalpog‘iston markazi Nukus shahrida havo harorati +38,3 darajagacha (rekord — 1975-yil; +42,6 daraja issiq), Samarqand shahrida +39,0 darajagacha (rekord — 1998-yil; +40,5 daraja issiq), Termiz shahrida +43,9 darajadagacha (rekord — 1998-yil; +45,1 daraja issiq) ko‘tarildi.
“1news.uz”ning yozishicha, Toshkent tarixidagi eng jazirama kun 1997-yil 18-iyulida qayd etilgan — o‘shanda shaharda havo harorati +44,6 darajagacha ko‘tarilgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistondagi issiq va quruq ob-havo sharoiti 11-iyulgacha saqlanib qolishi kutilmoqda. 11—12-iyul kunlari mamlakat bo‘ylab havo harorati pasayishi mumkin.
Izoh (0)