Yaponiya imperatori Akixitoning eng katta nabirasi malika Mako 8-iyul kuniga mo‘ljallangan sobiq kursdoshi bilan unashtirilishi rasman e’lon qilinishini qoldirdi. Bu haqda imperator saroyi ishlari boshqarmasi ma’lum qildi, deya xabar beradi “TASS”.
Bunday qaror mamlakat janubi-g‘arbida uchinchi kundan beri davom etayotgan va qurbonlar hamda vayronagarchiliklarga olib kelgan kuchli yomg‘irlar tufayli qabul qilingani bildirilmoqda.
Hozirda tabiiy ofat sababli Fukuoka va Oita prefekturalarida mingdan ortiq kishi qamalda qolmoqda.
Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, 6 kishi davomiyligi va shiddati bo‘yicha rekord darajadagi jalalar qurboni bo‘ldi. Yana bir necha o‘nlab kishilar bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmayapti.