Bir hafta oldin bloger Xushnudbek Xudayberdiyevning “Qabul—2017: qaror bor, ammo institut ma’muriyati bundan xabardormi?” sarlavhali maqola chop etgan edi.
Maqolada O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 2-iyun kunidagi qaroriga binoan, bundan buyon MDH mamlakatlaridan kelgan xorijiy fuqarolar yurtimizdagi barcha OTMlar bakalavriatiga suhbat natijasida qabul qilinishi belgilanganligi, biroq ayrim oliygohlar bu o‘zgarishdan xabardor emasligini ma’lum qilib, xorijiy fuqarolarga rad javobi berilganligi haqida yozilgandi.
Maqola so‘ngida bloger Oliy va o‘rta maxsus ta’limi vazirligiga murojaat qilib, muammoli vaziyatga tez fursatda oydinlik kiritishlariga umid qilgandi. Blogerning qayd etishicha, 5-iyul, chorshanba kuni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida aynan shu masala bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilib, unda barcha oliy ta’lim muassasalari rektorlariga MDHga a’zo mamlakat fuqarolarini suhbat asosida qabul qilishni tashkil qilish topshirig‘i berilgan.
Shuningdek, o‘sha kunning o‘zida mazkur yig‘ilish yakuni bo‘yicha barcha OTM rektorlari va filial direktorlariga vazir o‘rinbosari U.Begimqulov nomidan №87-03-1274-sonli “shoshilinch” maqomidagi xat chiqarilgan.
Mazkur o‘zgarishlarga maqolam sababchi bo‘ldimi yoki yo‘qmi, aniq bilmayman. Buni aniqlash men uchun muhim ham emas. Asosiysi qonun hujjatining ijrosi ta’minlandi. Asosiysi ta’lim sohasiga oid yaxshi o‘zgarish faqat qog‘ozlarda qolib ketmadi. Asosiysi kam sonli bo‘lsada xorijiy abituriyentlarning muammosi yechildi. Shundan xursandman.Xushnudbek Xudayberdiyev, bloger