450 million so‘m va 25 ming dollar mablag‘ni o‘zlashtirishda gumonlangan fuqaro o‘z aybini inkor qildi. Bu haqda UzNews xabar bermoqda.
4-iyul kuni Toshkent shahar IIBB yolg‘on yo‘llar bilan 450 million so‘m va 25 ming dollar pulni o‘zlashtirib olgan fuqaro haqida axborot e’lon qildi. Xabarda aytilishicha, u parfyumeriya mollarini yetkazib berish bahonasida ushbu pullarni o‘z cho‘ntagiga urgan.
Ammo UzNews xodimlari gumondor Azizov Mirmuhammadoxun bilan bog‘langanida, u IIBB saytida e’lon qilingan axborot isbotlanmaganini va uning ishbilarmon sifatidagi mavqeiga putur yetkazishga qaratilganini ta’kidladi.
“Rasman bayonot beramanki, aybdor emasman va har qanday huquq-tartibot organi oldida javob berishga, aybsizligimni isbotlashga tayyorman”, — dedi u o‘z murojaatida.
Bundan tashqari, Azizov Mirmuhammadoxun o‘z nomini tiklash va aybdorlarni javobgarlikka tortish uchun tegishli organlarga murojaat qilish niyatida.
Izoh (0)