29-iyun kuni “O‘zbekkino” milliy agentligida Yaponiyaning bir qator ommaviy axborot vositalari va kompaniyalari vakillaridan iborat delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda agentlik saytida ma’lum qilindi.
Tabdirda ishtirok etgan “O‘zbekkino” milliy agentligi bosh direktori Otabek Musayev, Yaponiya Vazirlar Mahkamasining hududlarda turizmni rivojlantirish va targ‘ib qilish bo‘yicha maslahatchisi, JTB korporatsiyasi menejeri Kazunori Koseki, Loaded Films Co. Ltd prodyusserlik kompaniyasi prezidenti Eiko Mizuno va kompaniya hamraisi, prodyusser Jeyson Edvard Greyemlar ikki mamlakat kinoijodkorlari o‘rtasidagi amaliy aloqalarni rivojlantirish maqsadida mavjud imkoniyatlardan yetarli darajada foydalanilmayotganini e’tirof etdi.
Shundan kelib chiqqan holda o‘zbek va yapon kinoijodkorlari hamkorligida film ishlab chiqarishga doir masalalar muhokama qilindi. Bunda Toshkent shahridagi Alisher Navoiy nomli Davlat akademik katta teatrining qurilishida ishtirok etgan mehnatkash yaponlar haqidagi hikoyalar badiiy film ssenariysi uchun asos bo‘lishi mumkinligi aytildi. Bu borada Yaponiya tomonidan taklif qilingan film sinopsisi ko‘rib chiqilib, mazkur loyiha bosqichma-bosqich amalga oshirilishi kelishib olindi.
Uchrashuv yakunida delegatsiya a’zolari O‘zbekiston kinosan’ati muzeyiga tashrif buyurdi hamda rejissor Sh. Maxmudov tomonidan suratga olingan “Ibn Sino” nomli badiiy-hujjatli filmni tomosha qildi.
Izoh (0)