Rossiya musulmonlari jamiyati taklifiga ko‘ra Ramazon oyida Rossiyaning bir qator shaharlarida taroveh namozlarini o‘qib bergan o‘zbekistonlik qorilar Toshkentga qaytib keldi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ma’lumot berdi.
Qorilar 25-iyun kuni Moskva shahrida Rossiya musulmonlari jamiyati raisi, muftiy Albert Krganov qabulida bo‘ldi. Muftiy qorilarga taroveh namozlari ado etib berganliklari va chiroylik xatm Qur’onlar uchun chuqur minnatdorlik izhor qildi. A. Krganov o‘zbekistonlik qorilarni Rossiya musulmonlari jamiyatining faxriy yorlig‘i va maxsus ordeni bilan taqdirladi.
Taqdirlash marosimida muftiy O‘zbekiston, u yerdan yetishib chiqqan ulamolar, o‘zbekistonlik qorilar haqida juda iliq fikrlar bildirdi. Xususan, “biz O‘zbekistondan o‘rganadigan jihatlarimiz ko‘p, u yerdan yetishib chiqqan va chiqayotgan ulamolarga, qorilarga butun dunyo havas qiladi” — deb ta’kidladi.
O‘z o‘rnida, o‘zbekistonlik qorilar ham mehmondo‘stlik uchun tashakkur izhor qilib, bu yilgi Ramazon o‘zgacha ruhda o‘tganligini ta’kidladi va berilgan e’tibor uchun minnatdorlik bildirdi.
Shuningdek, Ukrainaning Kiyev shahrida Ramazon oyida taroveh namozlarini o‘qib bergan o‘zbekistonlik qori M. Abbosiddinov ham xatmi Qur’onni tugatib, O‘zbekistonga qaytib keldi. Musoxon qori ham ukrainalik musulmonlar e’tirofiga sazovor bo‘lib, Ukraina musulmonlari idorasining maxsus faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandi.
Izoh (0)