O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 27-iyun kuni Toshkent shahrida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Unda 2017-yil birinchi yarim yilligida eksport dasturining ijrosi, mahalliy mahsulotlarni yangi xorijiy bozorlarga sotish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksport faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash, qishloq xo‘jaligi va sanoat mahsulotlarini eksportga yo‘naltirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, Prezidentning davlat maslahatchilari, tegishli vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari rahbarlari ishtirok etdi. Shuningdek, videokonferensiya aloqasi orqali Toshkent va Nukus shaharlari, viloyatlar markazlarida tashkil etilgan studiyalarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi rahbariyati, mahalliy hokimliklar, vazirlik va idoralarning hududiy tuzilmalari, korxonalar rahbarlari, eksportchi tadbirkor va fermerlar qatnashdi.
Davlat rahbari bugungi kunda O‘zbekiston iqtisodiyotining barqaror va yuqori sur’atda o‘sish tendensiyasini saqlab qolish va mustahkamlashning eng muhim omillaridan biri — iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarning eksport salohiyatini izchil oshirish, ishlab chiqarilgan mahsulotlarning tashqi bozordagi raqobatbardoshligini kuchaytirish ekanini alohida ta’kidladi. Bu borada mamlakatda eksportchi korxonalar va tadbirkorlik subyektlarining eksport faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, qonun hujjatlari bilan ularga berilgan imtiyozlar va yaratilayotgan sharoitlar haqida alohida to‘xtaldi.
Shavkat Mirziyoyev eksport sohasidagi ishlar ahvolini atroflicha tahlil qildi.
“O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi boshqaruvi raisi O. Rustamov, “O‘zagroeksport” aksiyadorlik jamiyati bosh direktori J. Xolmuhamedov egallab turgan lavozimiga noloyiqligi ko‘rsatib o‘tildi.
Bosh vazir o‘rinbosari U. Rozuqulov, tashqi savdo vaziri E. G‘aniyevga mavjud kamchiliklari ko‘rsatib o‘tildi va ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Davlat rahbari “O‘zqurilishmateriallari” kompaniyasi rahbari Botir Zaripov, “O‘zbekyengilsanoat” aksiyadorlik jamiyati rahbari Ilhom Haydarov, “O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmasi rahbari Maqsudjon Mansurovlarda mas’uliyat, talabchanlik va tashabbuskorlik yetishmayotgani, buning oqibatida mahsulot va xizmatlar eksporti hajmini oshirish borasida kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotganini qattiq tanqid qildi.
Mazkur tarmoqlar rahbarlariga “hayfsan” e’lon qilinib, ularning zimmasiga mahsulotlar eksporti sohasidagi mavjud kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish va eksport hajmini izchil oshirish yuzasidan sezilarli o‘zgarishlarni ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar yuklandi.
Shuningdek, yetishtirilgan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishni tashkil etish masalasida sustkashlikka yo‘l qo‘ygan Toshkent, Jizzax va Andijon viloyatlari, shuningdek, qator tumanlar hokimliklari rahbarlari jiddiy ogohlantirildi.
Mamlakat ishlab chiqaruvchilarining an’anaviy tashqi bozorlardagi o‘rnini mustahkamlash va kengaytirish, yangi tashqi bozorlarni o‘zlashtirish bo‘yicha tizimli ishlarni ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi komplekslari, tarmoqlar va hududlar rahbarlariga har bir tarmoq va hudud bo‘yicha eksport strategiyasini ishlab chiqish vazifasi topshirildi.
Yig‘ilishda tashqi bozorlarda samarali faoliyat yuritish uchun zamonaviy infratuzilmani yaratish, korxona va tashkilotlar tomonidan xorijiy mamlakatlarda tashkil etilgan savdo uylari va logistika markazlari ishini yanada faollashtirish, davlatimiz elchixonalarining savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha ishlarini takomillashtirish masalalari muhokama qilinib, tegishli vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilishda Vazirlar Mahkamasi komplekslari, vazirlik va idoralar, kompaniya va uyushmalar, hokimliklar rahbarlarining hisobotlari, takliflari eshitildi va muhokama qilindi, mamlakatimizning eksport salohiyatini yanada oshirish, eksport geografiyasi va nomenklaturasini kengaytirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Izoh (0)