Toshkentning “Paxtakor” klubi ertaga — 23-iyun kuni bosh murabbiy Shota Arveladzeni jamoatchilikka rasman tanishtiradi. Gruziya milliy terma jamoasi safida eng ko‘p gol urgan sobiq futbolchi ikkinchi davradan e’tiboran Toshkent grandini boshqaradi.
Klub bosh direktori Dmitriy Adismanning “Daryo”ga ma’lum qilishicha, tanishtiruv marosimida “Paxtakor” klubining yangi rahbariyati ham ishtirok etadi.
O‘z oldiga yuqori maqsadlarni qo‘yayotgan “Paxtakor” Rossiya Premyer-ligasining “Rostov” klubidan chernogoriyalik Marko Simichni ham olib kelgan. Anjumanda futbolchi bilan shartnoma qanchaga tuzilgani ma’lum qilinadi.
Simich “Rostov”ga qadar Belarus, Bolgariya, Serbiya, Vengriya klublarida, shuningdek, Turkiyaning “Keyserispor”, Isroilning “Xapoel T-A” klublarida to‘p surgan. Chernogoriya milliy termasiga 2013-yilda jalb qilingan himoyachi hozirga qadar 21 ta uchrashuvda maydonga tushgan. Xususan, u Eron milliy terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida ham harakat qilgan bo‘lib, forslar Chernogoriyani aynan O‘zbekiston bilan o‘yin oldidan sparing raqib sifatida tanlab olgandi.
Bosh murabbi Arveladze esa Gruziya terma jamoasi uchun eng ko‘p gol urgan futbolchi hisoblanadi — 60 ta o‘yinda 26 ta gol.
U futbolchilik vaqtida Turkiyaning “Trabzonspor”, Gollandiyaning “Ayaks” va “AZ Alkmaar”, “Shotlandiyaning “Reynjers”, Ispaniyaning “Levante” kabi klublarida to‘p surgan. Murabbiy sifatida Turkiyaning “Keysirispor” (2010—2012), “Qosimposhsha” (2012—2015), “Trabzonspor” (2015) va Isroilning “Makkabi” (2016—2017) klublarida ishlagan.
Arveladze mutaxassis sifatida katta yutuqlarga erishmagan. Bu boradagi faoliyatini u “AZ Alkmaar” klubida Lui Van Galga yordam berish bilan boshlagan.
Futbolchi sifatida esa “Ayaks” bilan Gollandiya chempionligi va kubogi, “Reynjers” bilan Shotlandiya chempionligi va kubogini qo‘lga kiritgan. 1994, 1998, 2007-yilgi mavsumlarda Gruziyaning eng yaxshi futbolchisi sifatida tan olingan. 1995/96-yilgi mavsum Turkiya chempionatining eng yaxshi to‘purari bo‘lgan.
Izoh (0)