20-iyun kuni Ichki ishlar vazirligi Madaniyat saroyida sayyor qabul o‘tkazildi. Unda sud, prokuratura, ichki ishlar, adliya, soliq va bojxona masalalari bo‘yicha fuqarolar va tadbirkorlarning murojaatlari bevosita muhokama qilindi, deb xabar beradi O‘zA.
Sayyor qabulda Prezidentning davlat maslahatchisi T. Xudoyberganov, Oliy sud raisi K. Komilov, Bosh prokuror I. Abdullayev, ichki ishlar vaziri A. Azizov, Davlat soliq qo‘mitasi raisi B. Parpiyev, Davlat bojxona qo‘mitasi raisi M. Tohiriy, adliya vaziri M. Ikromov fuqarolar va tadbirkorlarning murojaatlarini tinglab, ularga yechim izladi.
Qabul chog‘ida veterinar vrach Otabek Yo‘ldoshevning shikoyati tinglandi. Uning rahbarligidagi Deep Forest Animals MChJ shu yil 3-aprelda ish boshlagan. Bu yerda veterinariya klinikasi, aptekasi va do‘koni bor. Aytilishicha, tadbirkorlik faoliyatini endi yo‘lga qo‘ygani bois bir o‘zi ishlaydi: direktor ham, veterinar ham, sotuvchi ham, kassir ham o‘zi. Shu yil 5-may kuni bir mijoz veterinariya dorisiga 7 ming so‘m to‘layotgan paytda ko‘ngilsizlik yuz berdi — sal avval operatsiya qilingan mushuklardan biri qafasdan bo‘shab, narigisiga tashlandi. O. Yo‘ldoshev ularni ajratishga shoshildi va dori olgan mijozga nazorat-kassa mashinasining to‘lov chekini o‘z vaqtida bera olmadi. Shu voqea ustiga davlat soliq idorasi xodimlari tekshiruvga kelib qoldi.
“Mushuklarni tinchlantirib, 7 ming so‘mni nazorat-kassa mashinasiga kirim qildim, biroq soliq idorasi vakillariga buni tushuntira olmadim, — dedi O. Yo‘ldoshev. — Bunday tekshiruvga ilk marta duch kelganim uchun qo‘rqib qolgandim: tushuntirish xati yozib berib, barcha hujjatga qo‘l qo‘ydim. Biroq shu yil 31-may kuni Mirzo Ulug‘bek tumani davlat soliq inspeksiyasidan 5 million so‘mdan ortiq jarima qog‘ozi kelgach, yana shokka tushib qoldim. Endi ish boshlaganman, buncha pulni to‘lay olmayman. Sudga beray desam, aksiga olib, klinikamizdagi kuzatuv kamerasi kuyib qolgan, asl vaziyatni isbotlab berishim qiyin. To‘g‘ri, ayb mendan o‘tgan, mijozga o‘z vaqtida to‘lov chekini bera olmadim, biroq buning sababi bor-ku. Bugungi sayyor qabulda mutasaddilar bu boradagi murojaatimni o‘rganib, vaziyatni qayta o‘rganib chiqishga va’da berdi”.
Izoh (0)