“Toshkentliklar” kim? Buxorolik yahudiylar faolligining oshishi paxta sanoatining rivojlanishiga bog‘liqmi? Bularning barchasi Forbes galereyasida.
1869-yilning kuzida Mixail Yevgrafovich Saltikov bir necha yil oldin egallab olingan Toshkent haqida yozishga qaror qildi. Yangi ish va tijorat istiqbollari qidirib, Osiyoni zabt etish uchun ko‘plab turli odamlar yo‘l oldi. Ularni umumiylashtirib “toshkentliklar” deb atashgan.
Ular ochko‘zlik va egoizm, qo‘pollik va beo‘ylikda ayblangan. Bularning barchasini Saltikov o‘zining “Janob toshkentliklar” asarida yoritgan.
Toshkent yigiruv fabrikasida ip gazlama ishlab chiqarilishi
XIX asr sanoatining yirik sohasi to‘qimachilik edi. XIX asr o‘rtalariga kelib kiyim ishlab chiqarish uchun asosiy materialga aylangan ip gazlama mato borgan sari ko‘proq ahamiyat kasb eta boshladi. Bunday mato uchun paxta xomashyo bo‘lib xizmat qilgan, u esa Rossiyada yetishtirilmagan. Uni asosan Shimoliy Amerikaning janubiy shtatlari yetkazib bergan. AQShda 1861—1865-yillar yuz bergan Fuqarolik urushi Yevropa, jumladan Rossiyaga paxta yetkazishni keskin qisqartirgan.
1861-yildan 1863-yilgacha bo‘lgan ikki yil ichida imperiyaga paxta xomashyosini olib kirish 2,491 million puddan 587 ming pudgacha tushib ketdi, narxlar esa 1861-yildagi bir pud uchun 4—5 rubldan 1864-yilda 20—23 rublga yetdi. Paxta taqchilligi yuzaga keldi, bu esa Moskva fabrikalarining xonavayron bo‘lishi xavfini yuzaga keltirdi. Amerika paxtasi muqobilini topish mamlakat iqtisodiyoti uchun kechiktirib bo‘lmas vazifaga aylandi.
AQSh Fuqarolik urushi O‘rta Osiyoni bosib olish davriga to‘g‘ri keldi. O‘rta Osiyo savdogarlari yuzyillik boshidan Rossiya to‘qimachilik korxonalariga mahalliy paxta yetkazishni yo‘lga qo‘ygan. 1864-yilga kelib u AQShdan import qilingan paxta hajmidan oshdi. Biroq O‘rta Osiyo xomashyosi sifati past bo‘lgan, dehqonlar esa tegishli infratuzilma yo‘qligi tufayli barqaror savdoga kafolat bera olmagan.
Toshkentcha usul: paxtadan mato uchun asos tayyorlash
O‘rta Osiyoda bir yo‘la bir nechta: paxtaning yangi naviga o‘tish, hududga transport aloqasini yo‘lga qo‘yish, irrigatsiya ishlarini o‘tkazish kabi vazifalarni hal etish lozim edi. General-gubernator Konstantin Kaufman “yangi egallangan o‘lka iqtisodiy holatini chuqur o‘rgana turib, bu yerda paxta madaniyati rivojlangan taqdirda Turkistonni buyuk kelajak kutayotganligini tushundi”. U o‘zining eng o‘qimishli ikki mansabdori — Brodovskiy va Samolevskiyni Texasga yubordi.
Ular g‘o‘za yetishtirish va unga ishlov berish jarayonini to‘liq o‘rganib, ikki yildan so‘ng vataniga qaytdi va o‘zi bilan Amerikaning eng yangi navi urug‘larini olib keldi. Kaufman ularga tajriba fermasini tashkil etishni buyurdi. U yerda mahalliy aholi urug‘larni tekin olishi va xomashyoni qayta ishlash jarayoni bilan tanishishi mumkin edi.
Dehqonlar texnologiyalarni birinchi qo‘ldan o‘rganib, fermada chet elning paxta tozalash mashinalari va presslarini ishlata boshladi. Urug‘lar tezlik bilan o‘lka bo‘ylab tarqaldi va yangi qishloq xo‘jalik texnikasiga O‘rta Osiyodan buyurtmalar soni oshib ketdi.
Toshkent ip gazlama manufakturasi
Paxtani olib chiqib ketish kerak edi. 1880-yilda O‘rta Osiyoni Rossiyaning Yevropa qismidan poyonsiz cho‘llar va dashtlar ajratib turar edi. Tuyalar karvoni ishonchli yuk aloqasini ta’minlay olmas edi. Bunday vaziyatni hal qiluvchi qarorni harbiylar qabul qildi. Ular Kaspiy dengizidagi Krasnovodsk portidan Kopetdog‘ tog‘ oldi hududlaridagi Qizil Arvat shahrigacha cho‘zilgan temiryo‘l qurilishini boshlashga qaror qildi. Temiryo‘lning bu qismi 1881-yilda tayyor bo‘ldi. 1885-yilda esa yo‘l Ashxobodga qadar uzaytirilib, 1888-yilda esa Amudaryo orqali ko‘prik qurilib, temiryo‘l Samarqandgacha yetdi. 1891-yildayoq u orqali Rossiyaga 165 ming tonna paxta olib chiqib ketildi.
Suvsiz cho‘l bo‘ylab 1500 kilometr uzunlikdagi yo‘lni qurish ishlari logistika va muhandislikda katta jasorat bo‘ldi. Unda Missisipidan Tinch okeaniga temiryo‘l qurgan amerikacha usuldan foydalanildi.
Bir necha yildan so‘ng yo‘l Samarqanddan Toshkentga qadar uzaytirildi. Biroq Krasnovodskdan Bokuga hamon Kaspiy orqali o‘tadigan kemadan foydalanishga to‘g‘ri kelardi. Shuning uchun 1900-yilda Orenburgdan Toshkentga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘lni barpo etishga kirishildi. Natijada 1906-yilda poyezdlar Toshkentdan to‘g‘ri Moskvaga qatnay boshladi.
Kaspiyorti temiryo‘li 1881-yildan boshlab bosqichma-bosqich qurildi. 1891-yilda u orqali 165 ming tonna paxta olib chiqib ketildi.
Irrigatsiya ishlarini yuritish jarayoni ham murakkab kechgan. Kafolatlangan sug‘orish tizimisiz paxta yetishtirishning imkoni yo‘q edi. Bu muammoni imperator Nikolay I ning nabirasi buyuk knyaz Nikolay Konstantinovich hal qildi. U yoshligida brilliant o‘g‘irlashda ayblanib, oliy tabaqadan o‘chirilgan va hatto sharifini Volinskiyga o‘zgartirgan.
Nikolay Konstantinovich 1881-yilda Toshkentga keladi va Turkistonda irrigatsiya ishlarini o‘tkazish bo‘yicha rejasini taqdim etadi. Avvalroq Kaufman tashabbusi bilan ham bir necha marta kanallar qazishga urinishlar amalga oshirilgan, biroq ular har safar natijasiz yakunlangan. Bunga ba’zan muhandislarning xato hisob-kitoblari sabab bo‘lgan bo‘lsa, ba’zida yo‘l qo‘yilgan iqtisodiy xatolar sabab bo‘lgan. Masalan, ular dehqonlar kuniga 5 tangaga qazishini istagan.
Surgun qilingan zodagon esa irrigatsiya ishlarini o‘z hisobidan amalga oshirishni taklif qiladi. Knyaz bugungi kunda piar deb ataluvchi holatni juda yaxshi tushungan va 4500 gektar maydonni suv bilan ta’minlagan birinchi kanalni “Iskandar ariq” deb nomlagan.
Shundan so‘ng keng ko‘lamli loyihaga navbat keldi. “Buxoro arig‘i” besh yil davomida qurildi, biroq gidrotexniklar xatosi tufayli ishga tushmadi. Shundan so‘ng knyaz Kaufmanning tashlab qo‘yilgan loyihasiga murojaat qildi. U yer qazuvchilarga kuniga 90 tanga, keyinroq 1 rubl 20 tanga to‘ladi. Unda o‘zbeklar ham, ko‘chib kelgan ruslar ham ishlagan.
Suvni Sirdaryodan olgan yuz kilometrlik kanal 1896-yilda yakunlandi va u 100 ming gektar maydonni suv bilan ta’minladi. Kanal bo‘yida 120 ta yangi aholi turar-joyi paydo bo‘ldi.
Kaspiyorti temiryo‘li
Shubhasiz, buyuk knyaz shunchaki homiy bo‘lmagan. Uning o‘zi ham paxta biznesiga qo‘shilib, paxta tozalash zavodlari, moyjuvozlar ochgan va kunjara sotgan. Toshkent uning ikkinchi vataniga aylangan va u shu yerda 1918-yilda vafot etgan.
Olib borilgan ishlar natijasida 35 yil davomida hududdagi paxta maydoni 1916-yilga kelib 60 ming gektardan 840 ming gektarga yetgan. Hosildorlik ikki barobar — har gektardan deyarli 15 sentnerga yetgan. Paxta xomashyosini yetishtirish ham shunga muvofiq ravishda o‘sib bordi, 1913-yilda yetti martadan ziyod oshib, 744 ming tonnani tashkil qildi. Rossiyaga 138 million rublga teng miqdorda olib chiqib ketilgan. Birinchi jahon urushi yillarida xomashyoga bo‘lgan ehtiyojning 70 foizi O‘rta Osiyodan keltirish hisobiga qanoatlantirilgan.
Paxta madaniyatining rivojlanishi imperiyadagi to‘qimachilik sanoatiga yangi turtki berdi. 1885—1913-yillarda uning hajmi 3,5 marta oshdi.
Turkistonda paxta xomashyosini ommaviy ishlab chiqarish uni qayta ishlash bo‘yicha mahalliy sanoatning yuzaga kelishiga olib keldi. 1916-yilda O‘rta Osiyodagi paxta tozalash 11 million daromad keltirdi. Inqilobga kelib bu yerda 235 ta paxta zavodi bor edi.
O‘rta Osiyoda paxta sanoatining rivojlanishi buxorolik yahudiylar jamiyatining iqtisodiy faolligiga turtki bo‘ldi. Aka-uka Yakub va Sion Vadyayevlar, aka-uka Rafael va Nataniel Potelyaxovlar, Yusuf Davidov savdo-sanoat xoldinglari asoschilariga aylandi. Aka-uka Vadyayevlar 30 ta paxta zavodiga va beshta yog‘ zavodiga egalik qilgan, Yakub esa Qo‘qondagi birja qo‘mitasiga rahbarlik qilgan.
Paxta biznesida kelib chiqishi turli millatga mansub bo‘lgan tadbirkorlar — tatar aka-uka Yaushevlar, o‘zbek va tojik Hakimbekov, Dadajonbayev, Mirbadalovlar ishtirok etgan.
Hudud qiyofasi tezkorlik bilan o‘zgara boshlagan. Mahalliy aholi yangi madaniyat va mehnat ko‘nikmalarini o‘zlashtira boshlagan.
Izoh (0)