O‘zbekiston Prezidentining tegishli farmonlari bilan Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelayotgan Temur Aminjonovich Ishmetov Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari, Saidkamol Saidkarimovich Xo‘jayev rais o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda bank matbuot xizmati ma’lum qildi.
Markaziy bank raisi o‘rinbosarlari — Shohrux Shorahimovich Shoahmedov va Sherzod Yo‘ldoshevich Hojimurotov boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan egallab turgan lavozimlaridan ozod qilindi.
Temur Ishmetov 1979-yili Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2000-yili Toshkent Moliya institutining Moliya va kredit fakultetini, 2005-yili Birmingem universitetining International Money and Banking yo‘nalishi bo‘yicha magistraturasini, 2007-yili Toshkent davlat yuridik institutining Huquqshunoslik fakultetini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 2000-yili Markaziy bankda iqtisodchi vazifasida boshlagan. 2017-yil aprel oyiga qadar turli lavozimlarda ishlab, Markaziy bankning Monetar operatsiyalar departamenti, Xalqaro rezervlarni boshqarish departamenti, Ichki valyuta bozoridagi operatsiyalar departamenti, Valyutani tartibga solish va nazorat qilish departamentlariga rahbarlik qilgan.
Eslatib o‘tamiz, 6-iyun kuni Mamarizo Nurmurotov Markaziy bank raisi etib tayinlangandi.
Izoh (0)