Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazining Xorazm viloyati filialida Rossiyaning A.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi ilmiy-amaliy markazi direktori, akademik Leo Bokeriya ishtirokida mahorat darslari o‘tkazildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Leo Bokeriya Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazining Xorazm filiali faoliyati bilan tanishdi. Tanishuv davomida Rossiya Federatsiyasining A.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi ilmiy-amaliy markazi bilan Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazining Xorazm viloyati filiali o‘rtasida o‘zaro hamkorlik bo‘yicha bitim imzolandi.
Leo Bokeriya filial mutaxassislari bilan hamkorlikda tug‘ma yurak nuqsoni – qorinchalararo to‘siq nuqsoni bilan og‘rigan bemor, Bog‘ot tumanida yashovchi Maqsadbek Yo‘ldoshevda jarrohlik amaliyotini o‘tkazdi.
– O‘zbekistonlik mutaxassislar bilan hamkorlikdagi jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tdi, – deydi Leo Bokeriya. – 16 yoshli o‘smirda tug‘ma yurak nuqsoni – qorinchalararo to‘siq nuqsonini plastika qilish jarrohlik amaliyotini sun’iy qon aylantirish sharoitida o‘tkazdik. Yuqori malakali shifokorlar bilan ishlash menga zavq bag‘ishladi. Mening nazarimda biz go‘yo ko‘p yillardan buyon birga ishlagandekmiz. Bu yerdagi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar, shifokor va bemorlar uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlar tahsinga loyiq. Tibbiyot hamshiralarining jarrohlik amaliyotidagi ishi ham yuqori darajada. Dori-darmon bilan ta’minlash ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.
Rossiyalik kardiojarroh ishtirokida mahalliy kardiojarrohlar uchun mahorat darslari o‘tkazildi. Yurak-qon tomir kasalliklarining og‘ir asoratli turlari bilan og‘rigan bemorlar ko‘rikdan o‘tkazilib, zarur maslahatlar berildi.
Imzolangan hamkorlik bitimiga ko‘ra, mahalliy shifokorlar rossiyalik hamkasblari bilan muntazam tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu mamlakatda aholi salomatligini yanada mustahkamlash, mahalliy mutaxassislarning yuqori texnologiyaga asoslangan eng murakkab kardiojarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli amalga oshirishdagi tajribasini boyitishga xizmat qiladi.
Xorazm viloyatidagi tarixiy obidalarga sayohat mehmonda katta taassurot qoldirdi.