O‘zbekiston va Rossiya U21 terma jamoalari bugun — 27-may kuni o‘zaro o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushadi. Bellashuv “Olmaliq” stadionida 18:30 da start oladi.
“Paxtakor”dagi 20 kunlik ish faoliyatidan so‘ng Ravshan Haydarov O‘zbekiston U22 bosh murabbiyi etib tayinlangandi. Rossiyaliklarga qarshi bugun uning shogirdlari maydonga tushadi.
Ayni vaqtda “Paxtakor” bosh murabbiyi sifatida faoliyat olib borayotgan Jasur Abduraimov bunga qadar O‘zbekiston U22 ga javobgar mutaxassis sifatida ishlayotgandi.
“Championat.asia” nashri ma’lumotiga ko‘ra, rossiyaliklar safida 1996—1999-yilda tug‘ilgan futbolchilar to‘p suradi. Ular 2019-yil bo‘lib o‘tadigan Yevropa chempionati uchun tayyorgarlik ko‘rayotgan yigitlar hisoblanadi.
O‘zbekiston termasining tarkibi esa nisbatan kattaroq — 1995—1998. 2018-yil 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida Osiyo chempionati bellashuvlari bo‘lib o‘tadi. Ravshan Haydarov jamoasi mana shu turnirga tayyorgarlik ko‘rishi kerak.
“Olmaliq”dagi stadionga kirish bepul. Uchrashuv, shuningdek, “Sport” telekanali orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiya qilinadi.
Izoh (0)