24-may kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ‘ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matnini O‘zA keltirdi.
Qarorga keltirilgan sharhda tushuntirilishicha, hujjat yosh avlodni vatanparvarlik va tarixga chuqur hurmat ruhida tarbiyalash hamda O‘zbekistonning jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan mamlakat sifatidagi xalqaro obro‘-e’tiborini yanada mustahkamlash, boy yozma merosni saqlash, o‘rganish va keng targ‘ib qilish ishlarini yangi sifat bosqichiga ko‘tarishga yo‘naltirilgan.
O‘zbekistonda asrlar davomida Markaziy Osiyo bo‘yicha eng boy qo‘lyozma meros jamlangan bo‘lib, uning salmoqli qismi O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanadi. Mazkur fond 2000-yilda noyob ilmiy va madaniy obyektlardan biri sifatida YuNESKOning Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan edi. Institutning qo‘lyozmalar fondi oltita alohida bo‘limdan tashkil topgan bo‘lib, arab, fors, eski o‘zbek tili va boshqa sharq tillarida bitilgan 26 ming jild qo‘lyozma, 39 ming jild toshbosma kitoblar va 10 mingga yaqin tarixiy hujjatlardan tashkil topgan.
Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik instituti qadimiy qo‘lyozmalar, tarixiy-madaniy ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa yozma manbalarni saqlash, o‘rganish, ilmiy asosda tadqiq etish va targ‘ib qilish bo‘yicha mamlakatdagi yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasasi etib belgilangani uning dunyodagi yetakchi sharqshunoslik markazlaridan biri sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi. Shu bilan birga, qarorda Institutning ilmiy va tashkiliy faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan qator chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan. Jumladan, zamonaviy talablar asosida Institutning asosiy vazifa va faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari belgilab berilgan. Ulardan biri institut fondlarini saqlash va aholi qo‘lida saqlanayotgan qo‘lyozma va boshqa yozma yodgorliklarni xarid qilish hisobidan boyitishni nazarda tutadi. Shu maqsadda yozma yodgorliklarni to‘plash, baholash va sotib olish bilan shug‘ullanadigan ekspertlar guruhi va maxsus komissiya tuzilmoqda.
Shuningdek, O‘rta asrlarda Markaziy Osiyo hududidan yetishib chiqqan alloma va mutafakkirlarning ilm-fanning aniq, tabiiy, gumanitar sohalari va islom ilmlari bo‘yicha yaratgan asarlari tadqiqini kengaytirish va chuqurlashtirish hamda ularni asl matn va ilmiy izohli tarjima shaklida nashr etib, ta’lim-tarbiya jarayoniga joriy etish va ilmiy muomalaga kiritish ishlariga alohida urg‘u berilgan.
Shu bilan birga, qarorda institutning turdosh oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda qo‘lyozma manbalar bilan ishlash malakasiga ega yosh kadrlarni tayyorlash ishiga alohida e’tibor qaratilgan.
Qarorda Institutning xorijiy Sharq mamlakatlari tarixi, rivojlanish bosqichlari, hozirgi kunda ushbu davlatlarda kechayotgan siyosiy, iqtisodiy va madaniy jarayonlarni ularning O‘zbekiston Respublikasi bilan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama munosabatlari nuqtai nazaridan o‘rganish borasidagi ilmiy tadqiqotlar ko‘lamini yanada kengaytirish borasidagi vazifalar aniq belgilab berilgan.
Qarorda o‘z yechimini topgan muhim masalalardan yana biri — yozma merosni namoyish etish maqsadida Institutning Sharq qo‘lyozmalari muzeyini yaratish. Muzeyda qo‘lyozmalar fondida mavjud kolleksiyalarning eng yorqin namunalari namoyish etiladi.
Izoh (0)