Eron prezidenti Hasan Ruhoniy Saudiya Arabistoni poytaxti ar-Riyodda bo‘lib o‘tgan Arab-musulmon davlatlari va AQSh sammitini terror masalasini hal qila olmaydigan spektakl deb atadi. Bu haqda u Tehronda qayta saylanganidan so‘ng bergan birinchi matbuot anjumanida aytib o‘tdi, deb xabar beradi “TASS”.
“Bu majlis ko‘proq spektakl bo‘ldi, u hech qanday amaliy va siyosiy ahamiyatga ega bo‘lmaydi. Bunday majlislar Saudiya Arabistonida ilgari ham o‘tkazilgan. Ular terror muammosini hal qilmaydi. Bu muammoni oliy hokimiyatga xalq pullarining o‘tkazib berilishi ham hal etmaydi”, — dedi Eron rahbari, ar-Riyodda AQShdan qurol sotib olish bo‘yicha erishilgan kelishuvlarga ishora qilib.
Ruhoniyning so‘zlariga qaraganda, terrorga qarshi real urushni Iroq, Suriya, Livan xalqlari olib bormoqda:
“Eron millati bu xalqlarga diplomatik sa’y-harakatlar va harbiy masalahatchilar bilan yordam bermoqda va yordam berishda davom etadi. Iroq xalqidan boshqa hech kim IShIDni Iroqning yirik shaharlaridan quva olmaydi. Bu guruhning Damashqda yo‘qligi faqatgina Suriya xalqining sharofati bilandir. Mintaqaning aynan shu xalqlari terrorga qarshi turibdi, Eron ularning tomonida va shunday bo‘lib qolajak”.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)