Markaziy Afrika Respublikasida xristian va islomiy guruhlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar oqibatida 22 kishi halok bo‘ldi, 36 kishi jarohat oldi. Bu haqda BMTning mamlakatdagi missiyasi (MINUSCA) bayonotida aytildi, deb xabar beradi “RIA Novosti”.
Aytilishicha, “Anti-Balaka” xristian guruhi hamda ilgari “Seleka” islomiy guruhi tarkibiga kirgan qurolli qo‘shilma o‘rtasidagi to‘qnashuvlar Bria shahrida ro‘y berdi.
Halok bo‘lganlarning 17 nafari tinch aholi vakillaridir.
Ikki guruh o‘rtasidagi to‘qnashuvlar ikki yarim yildan buyon davom etmoqda. 2003-yildan beri hokimiyat tepasida bo‘lgan prezident Fransua Bozize ag‘darilganidan va uning o‘rnini musulmon prezident Mishel Jotodiya kelganidan so‘ng vaziyat keskinlashib ketdi. Bozizeni ag‘dargan “Seleka” guruhiga qarshi xristianlarning “Anti-Balaka” guruhi kurasha boshladi.
Izoh (0)