O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Jan-Iv Le Drianni Fransiya Respublikasining Yevropa va tashqi ishlar bo‘yicha vaziri lavozimiga tayinlangani munosabati bilan tabrikladi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
“Biz Sizning 2012-yil iyuldagi O‘zbekistonga tashrifingizni va ushbu tashrif davomida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan batafsil fikr almashilganini iliqlik bilan eslaymiz, — deyiladi tabrikda. — Biz chuqur ishonamizki, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi sheriklik uni yanada kengaytirish nuqtai nazaridan ulkan salohiyatga ega. Buning uchun tomonlar keng va maqbul imkoniyatlarga, xususan, hamkorlikning barcha yo‘nalishlarini qamrab oluvchi tegishli sharnomaviy-huquqiy asosga ega”.
Tabrikda ta’kidlanganidek, 2017-yil 16-may kuni “O‘zavtosanoat” AK va Peugeot Citroën guruhi o‘rtasida “Jizzax” erkin industrial zonasi hududida yengil tijorat avtomobillarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish to‘g‘risidagi bitim imzolanishi qo‘shma faoliyatning yana bir ahamiyatli natijalaridan biri bo‘ldi.
O‘zbekiston TIV rahbari Jan-Iv Le Drianning yuqori mansabdagi faoliyati “mamlakatlarimizning do‘stlik, o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan samarali sherikchiligini mustahkamlashga qo‘shimcha turtki berishi”ga ishonch bildirdi.
Izoh (0)