ShHT Forumining o‘n ikkinchi majlisida O‘zbekistonning 2015—2016-yillarda Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi davrida tashkilot faoliyatining samaradorligi va xalqaro nufuzini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar bajarilgani ta’kidlandi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Forum majlisi qatnashchilari savdo va investitsiya sohalarida qulay sharoitlar yaratish, transport va kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, turizm, ta’lim, madaniyat va sport sohalarida hamkorlik salohiyatini oshirish borasida mintaqaviy hamda mintaqalararo qo‘shma loyihalarni amalga oshirish zarurligini ta’kidladi.
O‘zbekiston vakillari anjuman qatnashchilari uchun 2017—2021-yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini taqdim etdi. Mamlakatning iqtisodiyotni yanada erkinlashtirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilishdagi pozitsiyasi, shuningdek, puxta o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
“Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturining asosiy qoidalariga bag‘ishlangan taqdimotda aholi farovonligini yuksaltirish, bandlik masalasini hal etish, sog‘liqni saqlash sifatini yaxshilash va mahalla rolini yanada oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli vazifalarni amalga oshirish rejalashtirilayotgani ta’kidlandi.
Majlis ishtirokchilari taqdim etilgan axborotni ijobiy baholadi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak”ligi to‘g‘risidagi qat’iy pozitsiyasi belgilangan vazifalarni amalga oshirishda muhim omil ekanini alohida ta’kidladi.
Majlisda “ShHT mamlakatlari: hamkorlik tendensiyalari va istiqboli”, “Bugungi sharoitda ShHTni rivojlantirish”, “ShHT: kelajak uchun sivilizatsiyalararo alyansning timsoli”, “ShHT: ‘Bir belbog‘, bir yo‘l’ni tashkil etish uchun muhim maydon”, “Afg‘onistondagi xavfsizlik: mintaqaviy hamkorlik uchun imkoniyatlar va tahdidlar”, “Afg‘onistondagi vaziyatni bartaraf etish bo‘yicha O‘zbekistonning yondashuvlari”, “ShHTga a’zo davlatlar investitsiyaviy jozibadorligining imkoniyatlari va salohiyati”, “ShHTning savdo-iqtisodiy hamkorligi: bugungi holat, muammolar va ularni hal etish yo‘llari”, “‘O‘zbekiston temir yo‘llari’ aksiyadorlik jamiyatining ShHTga a’zo davlatlar o‘rtasida transport salohiyatini rivojlantirishdagi roli va ahamiyati”, “Turizm ShHT doirasida iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun asosiy yo‘nalish” mavzularida ma’ruzalar tinglandi.
Delegatsiyalar rahbarlari O‘zbekistonning ShHT Forumiga raisligini yuqori baholadi va uchrashuvlar davomidagi mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi.
Izoh (0)