Moskvaning Basmanniy sudi 11-may kuni Sankt-Peterburgdagi terakt ishi bo‘yicha ushlangan Muhammadyusup Ermatovni hibsga oldi. Bu haqda Meduza xabar bermoqda.
Cheklash chorasi tayinlash bo‘yicha majlis chog‘ida tergovchi gumondorning uyidan o‘t o‘chiruvchidan yasalgan portlovchi uskuna topilganini, ushbu uskuna teraktda qo‘llangan uskuna bilan bir xilligini aytib o‘tdi.
“So‘roq chog‘ida Ermatovning ukasi uskunani gumondor olib kelganini ma’lum qildi”, — dedi tergovchi.
Himoya gumondor xonadonni boshqalar bilan birga ijaraga olganini, uskuna boshqalarga ham tegishli bo‘lishi mumkinligini uqtirmoqda.
Ermatov mazkur ish doirasida hibsga olingan o‘n birinchi shaxs bo‘ldi.
Sankt-Peterburg metrosidagi terakt 3-aprel kuni ro‘y berdi. Vagondagi portlash oqibatida xudkush bilan birga 16 kishi halok bo‘ldi, bir necha o‘n kishi jarohat oldi.
Izoh (0)