Seul shahridagi Lotte Concert Hall konsert zalida O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25 yilligiga bag‘ishlangan konsert bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘zA.
O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda ikki mamlakatning vazirlik va idoralari, ijodiy va jamoat tashkilotlari, madaniy markazlari vakillari, san’at ixlosmandlari ishtirok etdi.Madaniy tadbirda bahor, do‘stlik, tinchlik, ibratli an’ana va qadriyatlarni ulug‘lovchi kuy-qo‘shiqlar o‘zbek va koreys tillarida yangradi, jozibali raqslar ijro etildi. Ikki xalqning mumtoz navolari va raqslari tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
Tadbir doirasida O‘zbekistonning turizm sohasidagi salohiyati, ko‘p asrlik qadimiy va betakror shaharlarning boy tarixiy va madaniy merosi, O‘zbekistonning fusunkor tabiati haqida hikoya qiluvchi film namoyish etildi.
O‘zbekiston tarixi va madaniyati aks etgan fotoko‘rgazma tashkil qilindi.
Izoh (0)