Samarqand qishloq xo‘jaligi instituti “Pedagogika, psixologiya va ta’lim metodikasi” kafedrasi mudiri, professor Nurali Sayidahmedov xizmat kabinetida 5500 dollar pora olish chog‘ida jinoyat ustida qo‘lga olindi. Bu haqda Uz24 xabar bermoqda.
Operatsiyani MXX Samarqand viloyat boshqarmasi tezkor xodimlari boshqa huquq-tartibot organlari vakillari bilan hamkorlikda o‘tkazdi.
“Professor Nurali Sayidahmedov doktorlik dissertatsiyasini tayyorlash bilan shug‘ullanayotgan yosh olimlarga ko‘plab sun’iy to‘siqlar yaratib kelgan. O‘zi yaratgan muammolarni hal qilish uchun professor Samarqand qishloq xo‘jaligi instituti o‘qituvchilaridan biridan 5500 dollar tama qilgan. O‘z xatti-harakatlari bilan professor qishloq xo‘jaligi sohasida mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha mamlakatning eng yaxshi muassasalaridan biri hisoblangan oliygohni obro‘sizlantirayotgandi, shuningdek, fanni rivojlantirish va yosh istiqbolli kadrlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi davlat islohotlari realizatsiyasiga to‘sqinlik qilayotgan edi”, — ma’lum qildi boshqarma vakili.
Prokuratura Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi.
Izoh (0)