O‘zbekiston va Isroil o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganiga 25 yil to‘lgani munosabati bilan “O‘zbekkino” milliy agentligi va Isroilning O‘zbekistondagi elchixonasi hamkorligida turli hududlarda, jumladan, Buxoro viloyatida Isroil hujjatli kino kunlari tashkil etildi. Bu haqda Buxoro viloyat hokimligining axborot xizmati xabar bermoqda.
Buxoro davlat musiqali drama teatrida o‘tkazilgan tadbirning ochilish marosimida Isroilning O‘zbekistondagi elchisi Karmela Shamir hamda “O‘zbekkino” milliy agentligining viloyat hududiy bo‘limi boshlig‘i Rinat To‘rayev so‘zga chiqdi.
Buxoro viloyati san’at ixlosmandlari isroillik kino ustalari tomonidan yaratilgan “Ajabtovur orzu”, “Albom 61”, “Fotonovella” singari hujjatli filmlarni tomosha qilish imkoniga ega bo‘ldi.
Tadbir doirasida “Isroil bolalar adabiyotida bezaklar taraqqiyoti tarixi” nomli ko‘rgazma ham tashkil etildi.
Shuningdek, Isroilning O‘zbekistondagi elchixonasi tashabbusi bilan Buxoro shahridagi Bolalar muruvvat uyida qurib bitkazilgan bolalar maydonchasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Izoh (0)