Italiyaning Corriere dello Sport nashri Yevropaning eng oldi 20 jurnalisti ishtirokida so‘rovnoma o‘tkazib, bugungi kunda dunyoning eng kuchli futbol murabbiyi kim degan savolga javob topishga harakat qildi.
“Sports.ru”ning aniqlik kiritishicha, Italiya nashrining so‘rovnomasida Corriere dello Sport, The Times, L’Equipe, Mediaset, Sky, Tuttosport, Rai Sport, Guerin Sportivo, La Repubblica, Corriere della Sera, Bild, beIN SPORTS kabi mashhur OAV jurnalistlari ishtirok etgan.
Natijalar bugungi kunda italiyalik mutaxassislarning ustunligini ko‘rsatib berdi. Chunki dastlabki uch o‘rin aynan italiyalikliklarga tegishli bo‘ldi.
Turinning “Yuventus” klubini ketma-ket A seriya chempioni qilayotgan, ikki yil avval klubini Chempionlar ligasining finaliga qadar olib chiqqan, joriy mavsum esa “Barselona”ni qoldirib ketgan Massimiliano Allegri jami 167 ochko to‘plashga muvaffaq bo‘ldi.
Italiya terma jamoasi bilan Yevro—2016 da yorqin o‘yinlar ko‘rsatgan, keyinroq esa Londonning “Chelsi” klubi qaddini bir yilning o‘zidayoq tiklay olgan Antonio Kontega ikkinchi pog‘ona nasib qildi. “Bavariya” ustozi Karlo Anchelotti kuchli uchlikni yakunladi.
Qiziq tomoni, “Real” va “Barselona” klublariga ustozlik qilayotgan mutaxassislar sakkiz va to‘qqizinchi o‘rin bilan cheklanishga majbur bo‘ldi.
Murabbiylar reytingi
1. Massimiliano Allegri — “Yuventus” (167 ball)2. Antonio Konte — “Chelsi” (156)3. Karlo Anchelotti — “Bavariya” (137)4. Diyego Simeone — “Atletiko” (130)5. Joze Mourinyo — “Manchester Yunayted” (114)6. Xosep Gvardiola — “Manchester Siti” (108)7. Leonardu Jardim — “Monako” (97)8. Zinedin Zidan — “Real” (87)9. Luis Enrike — “Barselona” (59)10. Unai Emeri — “PSJ” (45).Ma’lumot uchun, 20 nafar jurnalistning har biri so‘rovnoma uchun 10 nafardan mutaxassis nomini yozib bergan. Ularda birinchi o‘rinda ko‘rsatilgan murabbiyga 10 ochko, so‘nggi o‘rindagisiga 1 ochkodan berib, yakuniy natijalar chiqarilgan.
Izoh (0)