O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi qator jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda 20-apreldan 26-mayga qadar ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam vakillari bo‘lmish 620 juftlikning nikoh, shuningdek, 3280 bolaning sunnat to‘ylarini o‘tkazadi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
Federatsiya matbuot xizmatining bildirishicha, ijtimoiy aksiya ishtirokchilari ro‘yxati olis tumanlarda istiqomat qiluvchi hamda yordamga muhtoj oilalarning yashash shart-sharoitlarini o‘rganish asosida tuzilgan.
To‘ylarga taniqli shaxslar — O‘zbekiston qahramonlari, estrada guruhlari, teatr va kino aktyorlari, shoir va yozuvchilar taklif etiladi. Milliy an’analar namoyishlari va milliy sport turlari bo‘yicha musobqalar tashkil etiladi.
Sovg‘a sifatida yosh kelin-kuyovlarga yotoqxona mebeli, shuningdek, nikoh uzuklari taqdim etiladi. Bolalarga kitob majmualari va boshqa sovg‘alar taqdim etiladi, shuningdek, Xalq bankining hisobida 1 million so‘m bo‘lgan omonat kitobchalari ularning nomiga ochiladi.
Ishsiz yoshlarga ularning mutaxassisligiga ko‘ra ish o‘rinlari taklif etiladi.
Izoh (0)