Tadqiqotchilarning ma’lum qilishicha, yaqin vaqt ichida hayotiy muhim dori vositalarini noodatiy usul — burun orqali tortish yo‘li bilan to‘g‘ri miyaga yetkazish mumkin bo‘ladi. Bu haqda “Nauka” nashri xabar bermoqda.
Dori vositalarini bu usul bilan yetkazish imkoniyati yaqinda ishlab chiqilgan nazal sprey tufayli vujudga keldi. Sprey Sent-Luisdagi Vashington universiteti tadqiqotchilar jamoasi tomonidan ishlab chiqildi. Purkaluvchi aerozol oltin nanozarralardan tashkil topgan bo‘lib, ular shunchalik kichkinaki, gemato-ensefaliya to‘sig‘idan ham o‘tishga qodir.
Gap qon tomir tizimi va markaziy asab tizimi o‘rtasidagi jismoniy to‘siq haqida bormoqda. Himoya to‘sig‘i inson miyasini zarar yetkazuvchi toksinlardan xavfsiz muhitda saqlaydi, biroq dori vositalari yo‘lini to‘sib, ularning samaradorligini kamaytiradi. Dori vositalarini yetkazishning mazkur usuli ushbu to‘siqdan o‘ta oladi.
Tadqiqotchilarning ma’lum qilishicha, o‘tkazilgan tajribalarga ko‘ra, nazal spreyi dori vositalarini miyaga 30—60 daqiqada yetkazishga yordam berishini taxmin qilish mumkin. Keyingi bosqichda oltin nanozarralari turli dori vositalarini tashiy olishi uchun texnologiyalarni moslashtirish kerak bo‘ladi.
Izoh (0)