2017-yilning 20-aprel kuni Tashqi ishlar vazirligida vazirliklar, idora va tashkilotlar mutaxassislari hamda ilmiy-akademik doiralar vakillari ishtirokida ishchi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Uchrashuv davomida 2017—2020-yillarda O‘zbekistonning xalqaro shartnoma-huquq faoliyatini takomillashtirish Ishlari rejasi loyihasi yuzasidan har tomonlama fikr almashildi.
Mazkur Ishlar rejasi 2017—2021-yillarda mamlakatni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirish Davlat dasturi doirasida ishlab chiqilmoqda.
Rejadan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistonning shartnoma-huquq faoliyatini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlarini aniqlash va shu asosda jalb etilgan vazirliklar hamda idoralarning izchil va muvofiqlashtirilgan ishlarini olib borishdan iborat.
Hujjatda ko‘p tomonlama konvensiyalar va bitimlarga qo‘shilish hamda tashqi iqtisodiy faoliyat, transport va tranzit, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi jismoniy va yuridik shaxslarga huquqiy yordam ko‘rsatish hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish sohalarida ikki tomonlama shartnomalar imzolashning maqsadga muvofiqligini o‘rganish ko‘zda tutilgan.
Ishlar rejasi loyihasini ommaviy muhokama qilish uchun O‘zbekiston normativ huquqiy hujjatlarining muhokamasi tizimiga joylashtirish rejalashtirilmoqda. “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)