2017-yilning 18-aprelida Olmazor tumanida tashkil etilgan sayyor qabulda tumanda murojaatlar bilan ishlash, muammolarga yechim izlash borasidagi ishlar tahlil etilib, yo‘l qo‘yilayotgan xato-kamchiliklar keskin tanqid qilindi, deb xabar bermoqda O‘zA.
O‘zbekiston Prezidenti devonining Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati tashkil qilgan ochiq muloqotda sud, huquqni muhofaza qilish va nazorat organlari, vazirliklar, davlat qo‘mitalari, markaziy idora va tashkilotlar, bank-moliya muassasalari rahbarlari, poytaxt va Olmazor tumani hokimliklari mas’ul xodimlari fuqarolar va tadbirkorlarning murojaatlarini tinglab, ularni hal qilishga kirishdi.
Xususan, farg‘onalik Muxtasar Mahmudova olmazorlik Shuhrat Ahmedov bilan faqat shar’iy nikoh asosida birga yashagan. Ikki farzandi bor. Ayolning aytishicha, eri ruhiy kasallar shifoxonasiga yotqizilgan, oilaviy kelishmovchilik tufayli u farzandlari bilan uydan ko‘chaga quvilgan. Olti yoshli qizi Nilufar ham maktabgacha ta’lim muassasasidan haydab yuborilgan. Ayol erini ruhiy kasallar shifoxonasidan topa olmayapti, erining uyiga ham kirolmayapti.
Sayyor qabulda mutasaddilarga bu ayolni erining uyiga vaqtincha kiritish, yarashtirish borasida barcha ishni qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
“Avvalo, shuncha tushuntirish-targ‘ibot ishlaridan so‘ng ham faqat shar’iy nikoh asosida turmush qurish hollari mavjudligi juda achinarli, mana shunday vaziyatlarda bu bizni juda chigal ahvolga solib qo‘yadi, – dedi Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari, shahar xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Farida Abdurahimova. – Hozir bu ayol erining uyiga vaqtincha kiritiladi, so‘ng turmush o‘rtog‘ini topib, gaplashib ko‘ramiz. Ular qonuniy nikohdan o‘tsa, ayol shu asosda erining uyiga doimiy propiska qilinadi. Shunda bu masalaga huquqiy yechim topiladi, biroq oiladagi ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish masalasida hali ancha ish qilishimiz kerak”.
Olmazor tumani xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi mudiri Doniyor Sultonovning aytishicha, M.Mahmudovaning qizi tez kunda oilasiga qulay maktabgacha ta’lim muassasasiga joylashtiriladi.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)