Dunyoning birinchi raketkasi britaniyalik Endi Marrey ATP reytingida 4-pog‘onada borayotgan shveysariyalik Rojer Federerga qarshi “Afrika uchun o‘yin” xayriya uchrashuvida to‘p uzatib turuvchi bolaga o‘rin almashishni taklif qildi, deb yozadi TJournal.
Vaziyat ikkinchi setning tay breykida sodir bo‘ldi. Marrey yigitchaning oldiga borib, raketkani uning qo‘liga berdi, o‘zi esa uning o‘rniga turib, bolaga to‘plarni uzatdi. Bolboyning har ikki uzatmasi ham noaniq chiqdi. Shundan keyin u raketkani Marreyga qaytarib topshirdi. Yakunda Marrey tay-breykda 6:8 hisobida imkoniyatni boy berib, uchrashuvda mag‘lub bo‘ldi.
Xayriya o‘yinida jamg‘arilgan mablag‘ Botsvana, Malavi, Namibiya, Zambiya, Zimbabve va JAR mamlakatlariga yordam ko‘rsatadigan Rojer Federerning xayriya fondiga yo‘naltiriladi.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)