Toshkent shahrida “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan soha mutasaddi va mutaxassislari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zbekistonda qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar soni 8000 taga yetgani qayd etildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Ta’kidlanganidek, xorijdan keltirilayotgan gipskarton, quruq qurilish qorishmalari, sopol plitkalar singari materiallarni ishlab chiqarish o‘zlashtirilishi keyingi uch yilda ushbu mahsulotlarning import hajmini 3,5 barobarga qisqartirish imkonini berdi. Hozirgi paytda shisha va bazalt plastikli armatura ishlab chiqarishni mahalliylashtirish ustida ish olib borilmoqda.
2016-yil yakunlariga ko‘ra, jamiyat tarkibiga kiruvchi 102 korxona tomonidan 2,8 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan. Bu o‘tgan yildagiga nisbatan 10 foizga ko‘pdir. An’anaviy eksport bozorlarida tovar va mahsulotlarga bo‘lgan talabning pasayishiga qaramay xorijga 117 million dollarlik mahsulot yetkazib berilib, prognoz ko‘rsatkichlari ortig‘i bilan bajarildi. Eksport qilinayotgan mahsulotlar turi 2015-yildagiga nisbatan sakkiztaga ko‘payib, 40 taga yetdi.
Matbuot anjumanida Mahalliylashtirish dasturi doirasida qariyb 46 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgani ma’lum qilindi. 71 million dollardan ziyod investitsiya mablag‘lari hisobidan 22 loyiha amalga oshirildi. Investitsiyalarning qariyb 40 foizi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ekani xorijiy sarmoyadorlarning sohaga bo‘lgan qiziqishi ortayotganidan dalolat beradi.
Anjumanda jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Izoh (0)