Kecha — 23-mart kuni Rossiya—2018 mundiali uchun kurash olib borayotgan Osiyo mamlakatlari hal qiluvchi saralashning 6-tur o‘yinlarida maydonga tushdi.
OFK a’zosiga aylanganidan so‘ng mundial chiptasini uzluksiz qo‘lga kiritib kelayotgan Avstraliya terma jamoasining ahvoli biroz og‘irlashdi. Mazkur turni Iroqqa qarshi o‘tkazgan “sokkerouz” 1:1 hisobida durang o‘ynadi.
Bu Avstraliya uchun ketma-ket to‘rtinchi durang bo‘ldi. Yashil qit’a termasi avvalroq Saudiya va Tailandga qarshi safar o‘yinlarini bir xilda — 2:2 hisobida yakunlagan bo‘lsa, o‘z maydonida Yaponiyani yenga olmagandi — 1:1. Shu tariqa Osiyoning amaldagi chempioni Rossiya mundialidan nisbatan uzoqlashdi.
Chunki u bilan raqobat olib borayotgan Yaponiya hamda Saudiya Arabistoni termalari safarda to‘p surishiga qaramay, ishonchli g‘alabalarni qo‘lga kiritdi.
BAA termasi saralashni sensatsion g‘alaba bilan boshlab, Yaponiyadan 3 ochko olib qaytgandi. Javob o‘yinida kunchiqar yurt termasi buning uchun o‘ch oldi — 2:0. 1:2 hisobidagi ilk turdagi mag‘lubiyat va Avstraliya bilan durangni inobatga olmasa, qolgan barcha bellashuvlar yaponiyaliklarning g‘alabasi bilan yakuniga yetgan.
Saudiya Arabistoni termasi esa saralashdagi ikkinchi yirik g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Avvalroq BAA ustidan 3:0 hisobida zafar quchgan jamoa, endi Tailandni shu hisobda taslim qila oldi.
Saudiyaliklar Avstraliya bilan 2:2 hisobida durang o‘ynagan va Yaponiyada imkoniyatni boy bergan — 1:2.
JCh—2018. Saralash “B” guruhi. 6-tur 23-mart, payshanba
Iroq — Avstraliya 1:1
Gollar: Metyu Leki, 40 (0:1). Ahmad Yosin, 76 (1:1).Tailand — Saudiya Arabistoni 0:3
Gollar: Muhammad Ash-Shahlaviy, 26 (0:1). Tanaboon Kesarat, 84-avt (0:2). Salmon Al-Muvashar, 90+2 (0:3).BAA — Yaponiya 0:2
Gollar: Kubo, 13 (0:1). Konno, 51 (0:2).7-tur bellashuvlari 28-mart kuni bo‘lib o‘tadi: Avstraliya — BAA, Yaponiya — Tailand, Saudiya — Iroq.
Izoh (0)