Shahrisabzda Janubiy Koreya Respublikasi hukumati grantini jalb qilgan holda professional ta’lim markazi tashkil etiladi. Bu borada Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori e’lon qilindi, deb xabar beradi “Norma.uz” axborot-huquq portali.
Shahrisabzda 240 o‘quvchi ta’lim olishiga mo‘ljallangan, 60 kishilik yotoqxonaga ega markazni qurish bo‘yicha loyihani amalga oshirish uchun Koreya hukumati tomonidan 8,5 million dollarga teng davlat granti ajratildi. Qurilishga shahardagi sobiq “Hujum” fabrikasining ma’muriy va ishlab chiqarish binolari ajratildi. Qurilish buyurtmachisi KOICA hisoblanadi.
Markaz davlat ta’lim muassasasi hisoblanib, bevosita Mehnat vazirligiga bo‘ysunadi. Umumiy ta’lim-metodik faoliyat ustidan rahbarlik O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, professional ta’lim markazi tomonidan bajariladi.
Ishsiz va vaqtincha band bo‘lmagan aholini, shu qatorda doimiy ish joyiga ega bo‘lmagan professional kollej va akademik litsey bitiruvchilari markazda bir yil davomida ta’lim oladi.
Markaz xarajatlari Qashqadaryo viloyati Mehnat bosh boshqarmasiga qarashli Aholi bandligiga ko‘maklashish davlat jamg‘armasi tomonidan qoplanadi.
Markazda, shuningdek, ish izlayotgan, biroq mehnat organlarida ishsiz deb qayd etilmagan shaxslar malakasini oshirish bo‘yicha qisqa muddatli pulli kurslar ham tashkil etiladi.
Markazda ta’lim oluvchi ishsiz deb tan olingan shaxslarga o‘quv davri mobaynida har oy eng kam ish haqining bir barobariga teng miqdorda stipendiya beriladi.
Izoh (0)