“Bunyodkor” Osiyo Chempionlar ligasining guruh bosqichidagi qatorasiga uchinchi mag‘lubiyatini qabul qilib olgach, jamoa bosh murabbiyi Sergey Lushchan jurnalistlar savollariga javob berishdan qochmadi.
Bizni qo‘llash uchun stadionga kelgan va televizor orqali o‘yinimizni tomosha qilganlardan uzr so‘rayman. Barcha ayb menda! Men tarkib tanlashda adashdim.Sergey Lushchan, “Bunyodkor” bosh murabbiyi
Sergey Ivanovich aynan qaysi futbolchini maydonga tushirgani yoki tushirmaganida adashganini aytmagan. Avvalroq u “Olmaliq” bilan o‘yindan keyin tarkib tanlashda O‘zbekiston milliy terma jamoasi murabbiylar shtabi bilan maslahatlashib ish qilishini aytib qo‘ygandi.
Tartib-intizom borasida e’tirozim yo‘q. Xulosa qilamiz... Ikki oyoq bilan raqibga sakrashni qanday tushunish kerak, bilmayman. Bunga so‘z ojiz. O‘zim ham shokdaman.Sergey Lushchan, “Bunyodkor” bosh murabbiyi
Ma’lumot uchun, “Bunyodkor” Toshkentda o‘tgan so‘nggi ikki uchrashuvda 2 ta qizil kartochka bilan yuzlashdi. “Al-Ayn”ga qarshi o‘yinda Akrom Komilov, “Zob Ohan”ga qarshisida esa Vadim Chemirtan maydondan erta chiqib ketdi. “Bunyodkor” har ikki holatdan keyin ham o‘z darvozasidan gol o‘tkazib yubordi.
Matbuot anjumanida ishtirok etgan sport jurnalistlaridan biri klub OChL guruh bosqichidagi 15 ta o‘yindan buyon yuta olmayotgani haqida aytib, murabbiydan bu borada uyaladimi yoki yo‘q — so‘rashga jazm etdi.
Yo‘q! Nega uyalishim kerak?! Ketma-ket uchinchi yil guruh bosqichiga chiqamiz. Hozircha eng katta natijamiz shu.Sergey Lushchan, “Bunyodkor” bosh murabbiyi
Ma’lumot uchun, “Bunyodkor” Sergey Lushchan tashrifiga qadar hech qachon guruh bosqichida qolib ketmagan. Oliy ligada dastlabki ikki o‘rin yoki mamlakat kubogini qo‘lga kiritgani uchun, pley-offda ham o‘ynab yurmagan. Lushchan bilan esa Toshkent klubi ketma-ket ikki mavsum chempionatni 4-o‘rinda yakunladi va kuni pley-offda o‘ynashga qoldi.
Otabek Shukurov o‘yinni buzuvchi futbolchi, hujum tashkil qiluvchi emas. So‘nggi paytlarda uning o‘yinidan pasayish bor. O‘tgan yil esa juda yaxshi o‘ynagandi. Gaplashsak, ba’zan xafa bo‘ladi. Qiziqqon futbolchi u...Sergey Lushchan, “Bunyodkor” bosh murabbiyi
Mavsum avvalida berilgan intervyusida Sergey Lushchan Otabek Shukurov va Eldor Shomurodovni futbolchi emas, deb ta’kidlagandi. Samvel Babayan esa har ikki futbolchini O‘zbekiston milliy terma jamoasiga uzluksiz jalb qiladi.
Bugun Ahmadaliyev, Komilov va Shomurodovning o‘rni bilindi. Qanotlarimiz ishlamadi. Himoyada faqat ikki nominal himoyachi o‘ynadi. Ularning joyini o‘zgartirishga qaror qildim.Ba’zida o‘yin hisobiga ahamiyat bermayman. Kam bo‘lsa-da, guruhdan chiqish imkoniyatimiz bor. Balki omadimiz kelar, balki mo‘jiza ko‘rsatib, uch o‘yinda g‘olib chiqarmiz.
Sergey Lushchan, “Bunyodkor” bosh murabbiyi
Lushchan o‘yin natijalariga ba’zida nima sababdan ahamiyat bermasligini ochiqlamagan. Murabbiy mavsum avvalida ham mo‘jizadan umid qilganmidi yoki o‘z kuchiga ishonganmi — oydinlik kiritilmagan.
Matbuot anjumanida Sergey Lushchan qiz bola emasligini ma’lum qilgan.
Agar natija murabbiy almashishi orqali yaxshilansa, men bunga tayyorman. Barchasini rahbarlar hal qiladi. O‘girilib ketib qolishdan osoni yo‘q, bu qizlarga xos. Men esa qiz bola emasman.Sergey Lushchan, “Bunyodkor” bosh murabbiyi
Yevropa Chempionlar ligasida zafar quchganidan keyin “Bavariya”ni tark etgan Yupp Xaynkes, o‘zi ishtirok etgan barcha musobaqalarda g‘olib chiqqan Luis Enrike, “Manchester Yunayted” bilan muvaffaqiyatlarga erishgan Ser Aleks Fergyuson kabilar o‘z iste’fosiga ko‘ra ishdan bo‘shab qizlarga xos harakat qilanmi yoki yo‘q — aniqlik kiritilmagan.
Izoh (0)