Xonanda Lola Yo‘ldosheva “Darakchi” gazetasiga bergan intervyusida farzandlari va shaxsiy hayotidagi o‘zgarishlar haqida ma’lum qildi.
— Yangi mavsumdan nimalarni kutyapsiz?
— Bilasizmi, o‘tgan qish oylarida, o‘zimni ayiqqa o‘xshatdim. Bahor kelib, endi “uyg‘onyapman”. Aslida, bu go‘zal mavsum men uchun alohida ahamiyatga ega desam adashmayman. O‘zgarishlar, yangilanishlar faslida o‘zimni qalban boshqacha his qila boshlayman. Atrofimda, hayotimda, o‘zimda yangilik yaratish istagi paydo bo‘ladi. Buning barchasi tabiatning ham uyg‘onishi bilan bog‘liq bo‘lsa kerak.
— Bu o‘zgarishlardan birini ko‘rishga ulgurdik. Yaqindagina, sochingizni juda kaltalatdingiz. Qiziq, bu keskin o‘zgarishlarning sababi nimada ekan?
— Yuqorida aytib o‘tganimdek, o‘zgarishlar mavsumi keldi. Bundan tashqari, insonning qalbidagi o‘zgarishlar, uning tashqi ko‘rinishiga ham ta’sir qiladi. Va yana bir oddiy sabablaridan biri, shunchaki uzun sochlardan charchaganim.
— 2016-yilgi yakkaxon konsert dasturingizda qizingiz Shahina ham qo‘shiq kuyladi. Kelajakda u ham xonanda bo‘laman desa, qarshilik qilmaysizmi?
— Bolalarim bilan suhbatlashganimda ularning xohish-istaklari bilan qiziqaman. O‘g‘lim, men doim uyda bo‘lishimni, faqat ular bilan vaqt o‘tkazishimni istaydi. Qizim esa doim sahnada bo‘lishimni, qo‘shiq kuylashim va mashhur bo‘lishim tarafdori. Savolingizga kelsak, menimcha qizim san’at yo‘lini tanlamaydi. Biroq, agar u bunga qaror qilsa albatta uni qo‘llab-quvvatlayman, ko‘mak berishga harakat qilaman. Ochig‘i, qizim, bu kasb uning uchun emasligini, anglab yetishi uchun ham unga yordam beraman.
— Ijtimoiy tarmoq orqali shaxsiy hayotingizda o‘zgarishlar ro‘y berayotganini bildirgandingiz. Bu o‘zgarishlar haqida batafsilroq gapirsangiz...
— Shaxsiy hayotim faqat meniki, shu sabab sir bo‘lib qolishini istayman. Lekin bir narsaga izoh berib o‘tmoqchiman, bugungi kunda suratlarimni joylashtirayotganim, baxtim bilan qisman bo‘lishayotganim, o‘sha insonni endi uchratganimdan dalolat emas. Agar bu munosabatlar haqida gap boshlasam, uzoq yillar ortga nazar tashlashga to‘g‘ri keladi. Sevgimiz tarixini keyinroq, vaqti kelganda barcha bilan bo‘lishishga va’da beraman. Hozircha vaqti kelgani yo‘q. Faqat munosabatlarimiz jiddiylashib, ahd-paymon qildik.
— U haqida nimalarni gapirib bera olasiz?
— Bilasizmi, insonda shunday holat bo‘ladiki, u qalbida kemtiklik seza boshlaydi. O‘sha bo‘shliqni ish, qo‘shimcha mashg‘ulotlar bilan to‘ldirib borib, o‘zini band qilishga harakat qiladi. Aynan menda ham shunday edi. Ammo uchratgan insonim o‘sha kamchiliklarni to‘laqonlik qopladi. Mehri, e’tibori, barcha insoniy fazilatlari bilan ko‘nglimdan joy oldi. Ertangi kunga ishonchimni oshirdi. Munosabatlarimizda gumon, shubha, ishonchsizlikka o‘rin qolmadi. Menimcha, bir ayol uchun bundan ortiq baxt bo‘lmasa kerak. Bugungi baxtimni asrab-avvaylab yashashni istayman. Hozircha aytadiganlarim shu...
Izoh (0)