Osiyo Chempionlar ligasining “A” guruhida kurash olib borayotgan Toshkentning “Lokomotiv” klubi 3-turni Eronda o‘tkazib, “Istiqlol” klubiga imkoniyatni boy berdi — 0:2.
Mezbonlar har ikki bo‘limda 1 tadan gol urib, ochkolari sonini 6 taga yetkazib oldi. Bir tur avval Tehron klubi Saudiyaning “At-Taavun” klubi ustidan 3:0 hisobida zafar quchgan bo‘lsa, guruh bosqichini Amirliklarda “Al-Ahli”dan yengilish bilan boshlagandi — 1:2.
“Lokomotiv” esa aksincha, “At-Taavun” maydonidan 0:1 hisobidagi mag‘lubiyat bilan qaytgan bo‘lib, o‘z uyida “Al-Ahli”ni taslim qilgandi — 2:1.
“Lokomotiv” o‘tgan mavsum Chempionlar ligasining chorak finaliga qadar yetib borgan bo‘lib, guruh bosqichini mag‘lubiyatsiz o‘tkazgandi: 2 ta g‘alaba va 4 ta durang. Joriy mavsumda esa 3 ta o‘yinning 2 tasida yengilib ulgurdi.
“Lokomotiv” ikkinchi davradagi ikki uchrashuvni Toshkentda o‘tkazadi hamda o‘zini mag‘lub etgan Saudiya va Eron klublaridan revansh olishga urinib ko‘radi.
Osiyo Chempionlar ligasi “A” guruhi. 3-tur 13-mart, dushanba
“Istiqlol” (Eron) — “Lokomotiv” (O‘zbekiston) 2:0
Gollar: Farshid Ismoiliy, 37 (1:0). Ali Gurbaniy, 83 (2:0).“Lokomotiv”: Ignatiy Nesterov — Shuhrat Muhammadiyev, Bobur Yo‘ldoshev, Islom To‘xtaxo‘jayev, Oleg Zoteyev, Kaxi Maxaradze, Timur Kapadze (Nyore Krizo, 66), Marat Bikmayev, Salamat Qutiboyev (Quvondiq Ro‘ziyev, 80), Sardor Mirzayev (Murod Bobojonov, 89), Jaloliddin Masharipov.