O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida 7-mart kuni Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi mutaxassislaridan iborat delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar bermoqda.
Delegatsiya O‘zbekistonning saylov jarayonlariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishda hamkorlik qilish maqsadida tashrif buyurgan.
Jumladan, “Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati” loyihasini amalga oshirish, shuningdek istiqbolda saylov chog‘ida mutaxassislarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish bo‘yicha ko‘nikmalarini shakllantirish yo‘nalishida hamkorlik qilish ko‘zda tutilgan.
Uchrashuv chog‘ida delegatsiya mamlakatimizda “elektron hukumat” tizimini rivojlantirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining davlat organlari faoliyatida tatbiq etilishi, yuridik va jismoniy shaxslarning ma'lumotlar bazalarini shakllantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar va ularning natijalari bilan tanishgan.
Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi 2013-yilda tashkil etilgan bo‘lib, hozirda unga 102 davlatning 106 ta saylov organi a’zo bo‘lgan. Tashkilot bosh qarorgohi Janubiy Koreyada joylashgan.
Assotsiatsiya unga a’zo davlatlarning saylovlarni ochiq va samarali tashkil etish, saylov jarayonlarini tashkiliy-huquqiy jihatdan samarali o‘tkazish bo‘yicha tajriba almashishlarini muvofiqlashtiradi.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)