Amerikalik aktrisa Skarlet Yoxanssonning eri, fransuz jurnalisti Romen Doriak aktrisadan ikki yoshli qizini o‘ylab ajrashish haqidagi arizani qaytarib olishni so‘radi. Bu haqda Doriak bayonotiga tayanib, People jurnali ma’lum qilmoqda.
Doriak Yoxanssonning shaxsiy kelishmovchilikni ommaga oshkor etib, sudga murojaat qilish haqidagi qaroridan afsusda ekanligini ma’lum qildi.“Men undan zudlik bilan arizani qaytarib olib, qanchalik yoqimsiz bo‘lmasin, muzokaralar stoliga qaytishni so‘ramoqchiman. Biz ajoyib qizaloqning ota-onasimiz hamda uning quvonch va qayg‘usini bo‘lishgan holda yana ko‘p yillar birgalikda tarbiya qilamiz”, — deyiladi bayonotda.
Doriakning advokati Garold Mayerson da’vo kiritilgan paytda er-xotin muzokaralarni davom ettirayotganligini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, Yoxansson va Doriakning ajrashishi haqida 8-mart kuni ma’lum bo‘ldi. Yoxanssonning so‘zlariga ko‘ra, uning Doriak bilan nikohi “tiklab bo‘lmas darajada buzilgan”.
Izoh (0)