2017-yil 22-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha 2017—2019-yillar uchun Bosh kelishuv imzolandi. Bu haqda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Kelishuv ishtirokchilari tomonidan iqtisodiyotni, mahalliy ishlab chiqarishni hamda tadbirkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida mamlakat iqtisodiyoti raqobatbardoshligini ko‘tarish, investitsiya muhitini yanada yaxshilash, iqtisodiyotda xususiy mulk ulushini oshirish, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, faoliyatning barcha sohalarida davlat ishtirokini kamaytirish bo‘yicha islohotlarni yanada chuqurlashtirishga doir ishlarni hamkorlikda amalga oshirish ko‘zlangan.
Shuningdek, fermerlik, dehqon va shaxsiy yordamchi xo‘jaliklarni rivojlantirish, yetkazib berilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun samarali o‘zaro hisob-kitob mexanizmlarini ishlab chiqish va bu mahsulotlarni sanoat asosida qayta ishlash ko‘lamini kengaytirish borasidagi ishlarni faollashtirish nazarda tutilgan.
Kelishuvda me’yoriy ijodkorlik va xodimlarning huquqiy himoyasi ishlarida taraflarning birgalikdagi ishtiroki alohida bo‘limda aks ettirildi. “Aholi bandligiga ko‘maklashish nodavlat tashkilotlari (rekruting agentliklari) to‘g‘risida”gi, “Yarashtiruv jarayonlari (mediatsiya) to‘g‘risida”gi, “Davlat xizmati to‘g‘risida”gi Qonunlarni qabul qilish uchun hamkorlikda takliflar ishlab chiqish bo‘yicha kelishib olindi.
Shuningdek, mehnat shartnomalarini tuzmasdan faoliyat ko‘rsatadigan mavsumiy ishchilar, shu jumladan, vaqtinchalik bir martalik ishlarda mehnat qiladigan shaxslarning huquqiy maqomini belgilash nazarda tutilmoqda.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)